12 Iyun 2025 yil 205

Surxondaryo viloyatining Qo‘riqlash tizimida kinologiya xizmati rivojlanmoqda.

Yurtimizda xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, ob’ektlarning ishonchli qo‘riqlovini amalga oshirishda xizmat itlaridan keng foydalanilmoqda. Ular jinoyatlarni fosh etish, giyohvand moddalarni aniqlash, bedarak yo‘qolganlarni qidirish kabi murakkab topshiriqlarni bajarishda ishtirok etmoqda. Har bir xizmat itini tarbiyalash, ularni mashg‘ulotlarda toblab borishda, u bilan bir jamoa bo‘lib ishlayotgan kinolog mutaxassislarning o‘rni beqiyos.

Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti hamda uning hududiy boshqarmalarida kinologiya xizmati tobora rivojlanmoqda. Xizmatda sharqiy yevropa va nemis ovcharkasi, belgiya malinuasi kabi zotdagi xizmat itlari mavjud bo‘lib, ular har xil yo‘nalishlarda — xususan, qidiruv, himoya qo‘riqlash va xavfli moddalarni aniqlashda samarali natijalar bermoqda.

Xususan, Surxondaryo viloyati Qo‘riqlash boshqarmasida 10 ga yaqin to‘rt oyoqli sodiq yordamchilar mavjud bo‘lib, ularni parvarishlash, sog‘ligini ta’minlash, doimiy ravishda mashg‘ulotlar olib borish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xizmat itlari saqlanadigan joylarni yuqumli kasalliklarga qarshi barqarorligini ta’minlash maqsadida hududiy veterinariya tashkilotlari bilan hamkorlikda belgilangan vaqtlarda veterinariya-profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.

Kinolog mutaxassislarning malakasini oshirib borish uchun muntazam o‘quv yig‘inlari tashkil etilib, xodimlar doimiy ravishda qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda. Bu esa tizimning yanada samarali ishlashini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tizimni yanada takomillashtirish va zamon talablariga mos ravishda rivojlantirishga qaratilgan.

Text to speech