Surxondaryo viloyatida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori ijrosi hamda hududlarda kriminogen vaziyatni yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Joriy yilning 16 iyun kuni Termiz Davlat universitetida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Timur Ismailov hamda davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, "Mahalla yettiligi"ning viloyat boshqarmalari rahbarlari, shahar-tuman hokim, prokuror, IIB boshliqlari hamda ularning tegishli o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda, viloyat mas’ullari tomonidan so‘nggi yillarda
mahallabay jinoyatchilikni jilovlash, aholining tinch va osoyishta hayot kechirishi
uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi
ta’kidlanib, Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori ijrosi,
jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika hamda mahalla yettiligi
hamkorligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar
tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish, kriminogen
vaziyatni jilovlash, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda
jamoatchilik bilan hamkorlikni ta’minlash lozimligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha bildirilgan takliflar inobatga olingan holda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan istiqbolli vazifalar va zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.