Surxondaryo viloyatida voleybol sportini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Kuni kecha Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyat voleybol federatsiyasi raisi Timur Ismailov rahbarligida sportning voleybol turi bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Shomurodov, Milliy
olimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Dilovar Tursunov, Termiz olimpiya
va paraolimpiya sport turlariga tayyorlash markazi direktori o‘rinbosari Bahrom
Abdusattorov hamda viloyatdagi voleybol sport turi murabbiylari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 iyuldagi
PQ–221-son qarori mazmun-mohiyati yuzasidan ma’lumot berildi. Ushbu qarorda
2028 yilda AQShning Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va
XVIII Paralimpiya o‘yinlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish, milliy terma jamoa uchun
munosib nomzodlarni yetkazib berish hamda mamlakat chempionati va kubogi, shuningdek,
boshqa nufuzli musobaqalarda faol ishtirok etish vazifalari belgilangan.
Shu munosabat bilan viloyat voleybol federatsiyasi ijrochi direktori Hakim
Mamayusupov tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot
o‘tkazilib, erishilgan natijalar tahlil qilindi. Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan
mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘nalishlariga oid takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilish yakunida, federatsiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida zamonaviy sport anjomlari hamda mebel jihozlari topshirildi.