12 Dekabr 2024 yil 771

Surxondaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlarining “Sayyor qabuli” o‘tkazildi.

Fuqarolar tomonidan sud-huquq masalalari bo‘yicha kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarni aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali har tomonlama chuqur o‘rganish va qonuniy hal etish maqsadida reja-jadval asosida Surxondaryo viloyati sud raislari, prokuror, ichki ishlar, majburiy ijro, adliya va bojxona boshqarmalari boshliqlari tomonidan Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda ommaviy sayyor qabullar o‘tkazilishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda Termiz shahridagi “San’at saroyi” binosida  viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlarining “Sayyor qabuli” tashkil etildi.

O‘tkazilgan “Sayyor qabul”da viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Timur Ismailov tomonidan fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularga viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmat rahbarlari ishtirokida ijobiy yechim izlandi.

“Sayyor qabul” jarayonida fuqarolar tomonidan tergov — surishtiruv, ishga qabul qilish, IIV tizimiga ishga tiklash, yo‘l harakati xavfsizligi, fuqarolikni rasmiylashtirish, yaqin qarindoshlar hamda quda-andalar o‘rtasidagi nizolarga barham berish, uy-joyni nomiga rasmiylashtirish, pul oldi berdi masalasi, probatsiya nazoratidan chiqarish va boshqa ichki ishlar sohasiga oid turli masalalar yuzasidan murojaatlar tushdi.

Murojaatlarning asosiy qismi shu yerning o‘zida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, ba’zi murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.

Ijrosini o‘rganish uchun qo‘shimcha muddat talab qiladigan murojaatlar esa tegishli sohaviy xizmat mas’ullariga yo‘naltirilib, boshqarma boshlig‘i tomonidan alohida nazoratga olindi.

Shuningdek, “Sayyor qabul” davomida ichki ishlar organlari tizimida kasbiga sodiqlik va halollik bilan yondoshgan holda xizmat qilayotgan tergov va surishtiruvchilarning faoliyatlaridan mamnunligini bildirgan fuqarolar ham ishtirok etishib, o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.

“Sayyor qabul” yakunida, bir nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganligi uchun hamda 16 yoshga to‘lishi munosabati bilan besh nafar o‘g‘il-qizlar fuqarolik ID kartalari boshqarma boshlig‘i tomonidan tantanali ravishda topshirildi. 

Text to speech