2 Iyul 2024 yil 394

Surxondaryo viloyatida 1 iyuldan 31 iyulgacha “Kibermadaniyatni yuksaltirish” targ‘ibot oyligi o‘tkazilishi yuzasidan Matbuot anjumani o‘tkazildi.

Surxondayo viloyati IIB tomonidan viloyat teleradiokopaniyasida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi - “Cyber month“ doirasida targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni keng jamoatchilikka yetkazish” mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevral kunidagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni 4-ilovasi 30-bandi ijrosi yuzasidan tashkil etilayotgan oylikni Surxondaryo viloyatida ham yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari belgilab olingan bo‘lib, mazkur oylik doirasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi, kiberjinoyatlardan ogohlikka chorlovchi “Eng faol mahalla”, “Eng yaxshi milliy kontent” singari o‘n uch turdagi targ‘ibot tanlovi, “STOP! Cybercrime” nomli ogohlikka chaqiruvchi ommabop chellenjlar, “Biz kiberjinoyatlarga qarshimiz” shiori ostida kibersport musobaqasi va kiberbullingdan himoyalanish, kiberomantikaning salbiy oqibatlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish kabi o‘nta targ‘ibot tadbiri o‘tkazish rejalashtirilgan. Tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mas’ul idoralar va jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etishdi. Matbuot anjumanida rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari inson hayotini yengillashtirib, vaqtini tejayotgani biroq, bu jarayon qator muammolarni ham keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi. O‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishda firibgarlar zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanib, fuqarolarni o‘z tuzog‘iga ilintirayotgani qayd etildi.

Mamlakatimizda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar ko‘p hollarda bank plastik kartalari bilan bog‘liq bo‘lib, bu orqali fuqarolarga moddiy zarar yetkazilmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda eng samarali yo‘llardan biri – fuqarolarda “kibergigiena”ni shakllantirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar atroflicha o‘rganilganida, ularning 29 foizi talabalar, 13 foizi o‘qituvchilar, 10 foizi sog‘liqni saqlash xodimlari, 47,8 foizi boshqa soha vakillari ekani aniqlangan. Ular telegramm messendjerida tarqalayotgan virusli havolaga kirish orqali firibgarlar tuzog‘iga tushib qolgan. Sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinganda, 26 foizi soxta treyding, 21 foizi zararli dasturlar, 18 foizi moliyaviy piramida, 16 foizi xorijga ishga chaqirish va meros qoldirish, 11 foizi yaqinlari nomidan soxta qo‘ng‘iroqlar, 8 foizi kiberromantika kabi jinoyat turlariga to‘g‘ri kelgan.

Hozirgi kunda kiberjinoyatlarning 40 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning turi kundan-kunga ortib bormoqda. Telegramm tarmog‘i orqali “Click xavfsizlik xizmatidanmiz”, “Sizga yutuq chiqdi”, “Katta miqdorda pul yutib oldingiz”, “Aksiya ishtirokchisiga aylandingiz”, “Treyding orqali pullaringizni ko‘paytirib beramiz”, “Chet elga ishga yuboramiz” va boshqa yolg‘on, soxta xabarlar bilan sodda fuqarolarni chuv tushirmoqda.

Anjumanida oylikni joylarda keng aholi qatlamini jalb etgan holda uyushqoqlik bilan samarali o‘tkazish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.

Text to speech