10 Sentyabr 2024 yil 374

Surxondaryo viloyati IIBda ilk bor jinoyatchilikni ilmiy tomondan o‘rganish boshlandi.

Bugun, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining kichik majlislar zalida, Surxondaryo viloyatida ilk bor jinoyatchilikni ilmiy tadqiqot qilish orqali jilovlash maqsadiga qaratilgan video selektor tarzidagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda, Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i polkvnik Ismailov Timur Kamalatdinovich, O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti boshlig‘i polkovnik Berdialiev Baxtiyor Erkinovich, Kriminologiya tadqiqot instituti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azim Shuhrat hamda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, barcha shahar-tuman IIB studiyalaridan IIB boshlig‘i va o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan yig‘ilish davomida, O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti Surxondaryo viloyati jinoyatchiligini o‘rganish bo‘yicha Surxondaryo viloyati IIB bilan birga ilmiy loyiha boshlanganligi e’lon qilindi.

Ushbu loyiha doirasida, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti va Surxondaryo viloyatida ilk marotaba jinoyatchilikni ilmiy asoslar bilan o‘rganish, tergovchi va surishtiruvchilar muammolarini ko‘tarish borasida ilmiy tadqiqot o‘tkazish yuzasidan buyurtma berildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasis Prezidetining 2024 yil 15 yanvar kunidagi PF-10 sonli “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasini ilmiy tadqiq qilish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida Kriminologiya instituti tashkil etilib, ushbu Institut faoliyati doirasida, respublikadagi kriminogen vaziyatga oid chuqur tadqiqotlarni amalga oshirish, jinoyatchilik tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil va prognoz qilish, uning ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik, ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy, tibbiy va tashkiliy omillarini kompleks ilmiy diagnoz asosida aniqlash;

hududlar kesimida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralarining samaradorligini ilmiy jihatdan baholash, shuningdek, ilmiy tahlil, prognoz va diagnoz xulosalariga asoslangan holda, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish orqali jinoyatchilik omillarini bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;

ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini bajarish orqali kriminologik faoliyat amaliyotida mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha ilmiy asoslangan kompleks yechimlarni ishlab chiqish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni tashkil etish;

jamoatchilik o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lgan jinoyatlarning omillarini aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ishlab chiqishda belgilangan tartibda mutaxassis sifatida surishtiruv va dastlabki tergov organlariga uslubiy ko‘maklashish;

jahon kriminologiyasi va xorijiy davlatlar kriminologik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchiligining ilg‘or tajribalarini doimiy o‘rganish hamda uning natijalarini O‘zbekiston Respublikasi sharoitlarida joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish;

kriminologiya sohasi bo‘yicha mustaqil izlanuvchilik shaklida oliy malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, talabgorlarni belgilangan tartibda ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarga taqdim etish asosiy vazifalari etib belgilangan.

Text to speech