18 Oktyabr 2025 yil 84

Surxondaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizlik xizmatining joriy yil 9 oylik faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.

Joriy yilning 16–17 oktabr kunlari Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i polkovnik Jo‘rabek Avazov rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda viloyat IIBning Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Yo‘l harakati xavfsizligi, Jamoat tartibini saqlash boshqarmalari hamda Probatsiya bo‘limi mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Unda joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir davomida ichki ishlar organlarining barcha yo‘nalishlarida – huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, nazorat ostidagi shaxslar bilan tizimli ish tashkil etish, profilaktik hisobda turuvchi fuqarolarga doir chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Polkovnik Jo‘rabek Avazov yig‘ilishda har bir rahbar va mas’ul xodim faoliyatini tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqdi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularning sabablari tahlil qilinib, bu kabi holatlarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Shu bilan birga, xizmat intizomi va mas’uliyatni oshirish, xizmat faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida muhokama etilgan masalalar bo‘yicha tegishli rahbar va mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi, belgilangan vazifalarning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Text to speech