11 Oktyabr 2025 yil 59

Surxondaryo viloyati IIB boshlig’ining viloyat aholisiga murojaati.


Assalomu alaykum,


Aziz vohadoshlar!

 

 Xabaringiz bor, so‘nggi 8 yilda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida ulkan islohotlar amalga oshirildi.

Buning natijasida avvalo inson qadri ulug‘lanib, mahallalarda xavfsiz muhit yaratildi.

Eng muhimi, ichki ishlar organlariga yelkadosh sifatida boshqa idoralar va keng jamoatchilikni ham safarbar etilishi natijasida hududlarda tinchlik ta’minlandi.

Endilikda xodimlarning kunlik faoliyati «Xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida, jinoyat oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularning sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik va barvaqt oldini olishga qaratildi.

 

Qadrli yurtdoshlar,

 

Viloyatimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha Sizlarga “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” qilmoqchiman.

Davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda – “Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir”.

Bu esa aholini har qanday tahdidlardan kafolatli himoya qilish hamda aholi orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan ijtimoiy-profilaktik tadbirlarga barchamiz birdek mas’ulligimizni belgilab berdi.

Hozirda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan alohida e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan yoxud huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga berilgan xulosalarga asosan muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida, Prezidentimiz tomonidan belgilangan qaror asosida ishlaganimiz, natijada viloyatdagi 723 ta mahallaning 74 foizida (533 ta) bironta ham jinoyat sodir etilmadi.

“Qizil” mahallalar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan
80 foizga
(91/18) kamayishga erishilib, viloyatimiz Respublikada bu ko‘rsatkich bilan ijobiy 1 o‘rinda qayd etildi.

Shuningdek, hududlarda profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish maqsadida:

 

        maktablarda  davomatni elektron nazorat qilish maqsadida “Ye-Davomat” elektron platformasi, Oilaviy (maishiy) tazyiq va zo‘ravonlik  bo‘yicha o‘z vaqtida ichki ishlar organini xabardor qilish maqsadida “Qo‘shni nazorati” tizimlari Surxondaryo tajribasi sifatida joriy etildi.

  Axborot tehnologiyalari yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, aholining ayrim toifalariga zamonaviy psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida Termiz davlat universiteti bilan Memorandum imzolanib ijroga qaratidi.

9 oyda sodir etilgan jinoyatlarning 96 foizi “issiq izi”dan fosh etildi;

Ayniqsa, oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyat turlaridan bezorilik, transport vositasini olib qochish, bosqinchilik, tan jarohati yetkazish, o‘g‘rilik, talonchilik, firibgarlik, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi kabi jinoyatlarning kamayishiga erishildi.

Amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida:

– 400 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi;

– qanchadan-qancha odamlarning hayotiga zomin bo‘layotgan
1 tonnadan ortiq (1 028 kg 426,1 gr) giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.

– jamoat joylarida yurgan shaxslardan, noqonuniy  2 ming 260 ga yaqin sovuq qurollar olindi;

 

– o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida fuqarolardan
164 ta o‘q-otar va pnevmatik qurollar olib qo‘yildi.

Bundan tashqari, turli mudhish jinoyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun
93 mingdan ortiq (93035) shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

– 4 ming 245 nafardan ortiq spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, 531 nafar giyohvand va 384 nafar ruhiy kasallar davolanish muassasalariga jo‘natildi;

– muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan 34 nafar shaxslar reabilitatsiya markaziga va qarovsiz qolgan 467 nafar voyaga yetmagan bolalar ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

Belgilangan tizim asosida ishlashga o‘tganimiz natijasida, har ikkinchi jinoyat xodimlarning tashabbusi bilan aniqlandi.

Lekin, bu bilan ortiqcha xotirjamlikka berilmasdan, har birimizdan doimo ogoh va sergak bo‘lishni, vaziyatni to‘g‘ri baholashni, har qanday holatda ham bee’tibor bo‘lmasdan xizmat olib borishni talab etadi.

Jumladan, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida ishlarni jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 17 sentabr kunidan 07 oktabr kuniga qadar hududlarda “Dolzarb 20 kunlik” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazildi.

Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan doimo hushyor bo‘lishlarini, xonadon, uy hayvonlari va boshqa ko‘rinishdagi mol-mulklari qarovsiz va ochiq qoldirmasliklarini, har qanday shubhali shaxslar nayranglariga uchmaslikni va albatta shaxsiy xavfsizligiga e’tiborli bo‘lishlarini so‘rab qolardim.

 

Aziz do‘stlar.

 

Hozirgi global zamonda texnika asri shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Bu esa har qanday soha va faoliyatning mos ravishda takomillashib borishiga sabab bo‘ladi.

Bunday o‘zgarishlar ichki ishlar organlari tizimida ham amalga oshirilib, u xoh real, xoh virtual hayotda bo‘lsin, avvalo fuqarolarimizning haq-huquqlari va ularning mol-mulklari daxlsizligini har qanday tahdiddan himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.

So‘nggi yillarda, kiber makondan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgan shaxslar soni ortib borayotganligi va ko‘plab fuqarolarimiz ularning jinoiy “tuzoqlariga” tushib qolayotganligi ayni haqiqat.

Xo‘sh, har bir fuqaro bunday vaziyatda o‘zini himoya qilishning qanday yo‘llarini bilishi lozim?

Birinchidan, bank kartalaringizga oid ma’lumotlarni ayniqsa, SMS orqali kelgan kodlarni hech kimga, hatto o‘zini bank yoki kompaniya xodimi sifatida tanishtirgan taqdirda ham bermang.

Ikkinchidan, internet reklamasiga ishonishdan hamda turli lotereyalarda ishtirok etishdan avval ushbu sayt haqiqiy ekanligiga ishonch hosil qilish, nima bo‘lganda ham shaxsiy ma’lumotlaringizni begonalarga taqdim etmasligingiz.

Uchinchidan, ijtimoiy tarmoqlar orqali “siz pul yutug‘i yutdingiz”, “Sizga hukumat tomonidan moddiy yordam ajratildi”, “Yutuqli lotereyada ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldingiz” yoki boshqa shular kabi turli shubhali havolalarga kirishga undashlariga aslo ishonmang.

To‘rtinchidan, suhbatdoshingiz ishonchli tuyulib, sizga katta foyda va’da qilsa ham, begonalarga hech qanday pul mablag‘larini o‘tkazmang, ularga ishonmang, o‘zingizni va yaqinlaringizni firibgarlardan saqlang.

Bunday “uddaburon”larga qarshi kurashish va ularni o‘z vaqtida fosh etish maqsadida, viloyat Ichki ishlar boshqarmasida faoliyat ko‘rsatayotgan Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati mutaxassislari tomonidan keskin kurash olib borilmoqda.

 

Hurmatli vohadoshlar,

 

Har birimiz, Tinchlik – bebaho ne’matligini his etib, vatanimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligini ko‘z qorachig‘idek saqlashimiz kerak.

Shu o‘rinda, yuqoridagi holatlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarga barham berish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni jilovlashda barchamiz birdek mas’ul ekanligimizni ham eslatib turadi.

 

E’tiboringiz uchun rahmat.

 

Text to speech