14 Yanvar 2025 yil 528

Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Inoqov huzurida Termiz shahrida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar sarhisob qilindi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda sohani xalqparvar tizimga aylantirishga qaratilgan ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Buning natijasida ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurash, uning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish borasidagi roli tobora oshib bormoqda. Eng muhimi, ichki ishlar organlari xodimlarining xalq ichiga kirib borishlari sezilarli darajada o‘sib borishi kuzatilmoqda.

Surxondaryo viloyati  IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Baxtiyor Inoqov huzurida 2024 yilning 12 oyi davomida Termiz shahri hududida kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, uning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ushbu o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘tgan bir yil davomida bu borada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar chuqur tanqidiy tahlil qilindi. Viloyat IIB va Termiz shahar Ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari ishtirok etgan muhokamada har bir mahallani jinoyatdan holi manzilga aylantirish borasida hamkorlikda amalga oshirish lozim bo‘lgan takliflar o‘rtaga tashlandi.

Har qanday huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining oldini olish borasidagi harakatlar avvalo, mahallalarda keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan har bir profilaktika inspektori “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak!” shiori ostida harakat qilishi va bu borada kerak bo‘lsa, qo‘shimcha kuch va vositalarning ko‘magida amaliy ishlarga qo‘l urishi lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, shaxsiy tarkibning xizmat intizomi va qonunchilika rioya etishi, korrupsiya va tamagirlikka yo‘l qo‘ymaslik borasida xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda, o‘tgan bir yil davomida hududlarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni oldini olishda mahallabay, fuqarobay ish tizimidan foylanish va boshqa vazifalar bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Text to speech