Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi “Axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoyatlar tushunchasi” mavzusida tadbir o‘tkazildi
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlarining ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi xodimlari ishtirokida “Axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoyatlar tushunchasi” mavzusida o‘quv-amaliy tadbir tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — axborot
texnologiyalari vositasida sodir etilayotgan jinoyatlarning turlari, ularning jamiyat
va shaxs xavfsizligiga tahdidi, shuningdek, ularning oldini olish va fosh etish
mexanizmlari haqida mutaxassislar o‘rtasida ma’lumot va tajriba almashishdan iborat
bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga
axborot texnologiyalari sohasida keng tarqalayotgan jinoyatlar haqida quyidagi muhim
ma’lumotlar yetkazildi:
Fishing (Phishing) — soxta veb-saytlar
yordamida foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish.
Onlayn firibgarlik — internet orqali tovar yoki xizmatlar vositasida fuqarolarni aldash.
Kompyuter yoki mobil qurilmalarga ruxsatsiz kirish (xakerlik) — turli dasturiy vositalar orqali axborot tizimlariga noqonuniy yo‘l bilan kirish.
Shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish — shaxsga oid ma’lumotlarni uning roziligisiz oshkor qilish.
Kiberbulling — ijtimoiy tarmoqlar va onlayn platformalar orqali shafqatsiz tanqid, tahdid yoki shantaj yo‘llari bilan shaxsga bosim o‘tkazish.
Tadbirda xodimlar tomonidan ushbu jinoyatlarni aniqlash, dalil yig‘ish, huquqiy baholash va oldini olish borasida amaliy yondashuvlar muhokama qilindi. Shu bilan birga, jinoyatlarni fosh etishda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqildi.
Shu munosabat bilan, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolarga quyidagilarni tavsiya etadi:
Shaxsiy ma’lumotlaringizni faqat ishonchli manbalarda kiriting;
Notanish shaxslardan kelgan xabar va havolalarni ochmasdan avval tekshiring;
Sayt yoki mobil ilova orqali moliyaviy operatsiyalar amalga oshirishda ehtiyot bo‘ling;
Internetda shubhali holatga duch kelsangiz, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
Ichki ishlar organlari tomonidan kiberjinoyatlarning oldini olish va fuqarolarni xabardor qilish bo‘yicha profilaktik ishlar muntazam ravishda olib borilmoqda.