26 Iyul 2024 yil 341

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov ishtirokida hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida joriy yilning olti oy yakuniga bag‘ishlangan tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik R.Ashropov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik T.Ismailov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, bo‘linma boshliqlari, shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlari shaxsiy tarkibi qatnashdi. Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik B.Inoqovning  o‘tgan olti oy davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlash, hududda kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi. Tadbirda vazir o‘rinbosari R.Ashropov so‘zga chiqib, viloyatda kriminogen vaziyat ahvoli va jinoyatchilikni jilovlash borasida ko‘rilgan choralarni tanqidiy muhokama qildi hamda kelgusidagi vazifalarni belgilab berdi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlarida tashkil etilgan “so‘rovxona”lardan foydalanish ahvoli, bu borada vazirlik tekshiruv guruhi tomonidan aniqlangan kamchilliklar ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, korrupsiya va tamagirlikka yo‘l qo‘ymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish borasida rahbariyatning qat’iy talab va topshiriqlarini xodimlarga yetkazdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi. Faoliyat davomida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham muhokama qilinib, jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlari  rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda xizmat davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan sohaviy xizmatlarning ayrim xodimlari faoliyati muhokama etilib, tegishli ta’sir choralari belgilandi.

Biriktirilgan hududda jinoyatlarning oldini olib, xizmatda muvaffaqiyatga erishgan, korrupsion holatlarni oldini olishda, sport va boshqa sohalarda  ichki ishlar organlarining imidjini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh xodimlar Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining “Faxriy yorlig‘i”, pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Vazir o‘rinbosari R.Ashropovning Surxondaryo viloyatidagi o‘rganishlari davom ettirilmoqda.

Text to speech