Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasi bo‘yicha tanlovning hududiy saralash bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-mart kunidagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6196-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-avgust kunidagi “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori hamda Tergov departamenti va O‘zbekiston Respublikasi IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamentining tegishli ko‘rsatmasiga asosan Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlar o‘rtasida “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasi bo‘yicha ko‘rik tanlovining hududiy saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik-tanlov bir qator shartlar asosida o‘tkazildi. Dastlab xodimlar ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlashga qaratilgan sinovlarda to‘sinda tortilish, 100 metr hamda 3000 metrga yugurish bo‘yicha sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, so‘ngra jangovar tayyorgarlik bahslarida o‘q otish, Makarov pistoletini to‘liqsiz qismlarga ajratish bo‘yicha bahslashdilar.
Shundan so‘ng, ishtirokchilarning bilim darajasini hamda IQ (intellektual koeffitsient) va individual psixologik xususiyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan test sinovlari olindi. Bahslar so‘ngida, ko‘rik tanlovning viloyat komissiyasi tomonidan har bir ishtirokchilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Qizg‘in va murosasiz o‘tgan ko‘rik tanlov yakunlariga ko‘ra 3-o‘rinni Surxondaryo viloyati IIB Shimoliy mintaqaviy hudud Uzun tumani IIB 2-son IIB surishtiruv guruhi surishtiruvchisi katta leytenant Sherzod Mamarajabov, 2-o‘rinni Surxondaryo viloyati IIB Shimoliy mintaqaviy hudud Sariosiyo tumani ichki ishlar bo‘limi 1-son ichki ishlar bo‘linmasi surishtiruv guruhi surishtiruvchisi leytenant Asilbek Amonqulov va faxrli 1-o‘rinni Surxondaryo viloyati IIB Axborot texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tergov guruhi katta tergovchisi katta leytenant Jaloliddin Xurramovlar egalladi.
Ko‘rik-tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritgan ishtirokchilar kelgusida respublikada bo‘lib o‘tadigan tanlovning final bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.