12 Sentyabr 2025 yil 154

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi faxriy xodimlari o‘rtasida “Yilning eng faol faxriy xodimi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda keksa avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni sog‘lomlashtirish ishlarini samarali tashkil etish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ijtimoiy hayotdagi faolliklarini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 15 iyuldagi “Ichki ishlar organlari faoliyatida faxriy xodimlarning rolini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli buyrug‘iga asosan, joriy yilning 12 sentabr kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida “Yilning eng faol faxriy xodimi” ko‘rik-tanlovining viloyat saralash bosqichi o‘tkazildi.

Ushbu tanlovda boshqarmaning sohaviy xizmatlari hamda shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlarining eng faol faxriy xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur tanlov nizomiga ko‘ra faxriy xodimlar 3 ta shart asosida: Dastlab 1-shartda “Shaxmat va shashka” sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashishdi. 2-shartda esa tanlov ishtirokchilari yurtimiz hamda dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalardan qay darajada xabardorliklari yuzasidan tezkor savol-javoblar bo‘lgan bo‘lsa, 3-shartda ishtirokchi faxriy xodimlarning ish faoliyatini aks ettiruvchi fotoalbom hamda qilingan ishlar ma’lumotnomasi o‘rganildi.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, iste’fodagi starshina Norboy Pardaev 3-o‘rinni, iste’fodagi mayor Zokirjon Yunusov 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, iste’fodagi podpolkovnik Zokirjon Xudoymurodov tanlovning faxrli 1-o‘rinni egallab, mazkur tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Tanlovning g‘olib va sovrindorlari boshqarma boshlig‘ining diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.    

Tanlov yakunida faxriy ustozlar Termiz shahar Ichki ishlar boshqarmasi faxriylar kengashi raisi iste’fodagi mayor Abduxalim Abduhalilovning xizmat xonasida bo‘lib, ish faoliyati bilan yaqindan tanishish bilan birga tajribalar almashishdi. Shundan so‘ng, faxriy ustozlar marxum ustoz iste’fodagi polkovnik Abdusamat Bozorboevning xotirasiga bag‘ishlab tashkil etilgan, “Uy muzeyi”ga tashrif buyurishdi. Uy muzeyiga tashrif davomida faxriylar marhum ustozning hayot yo‘llari, xizmat faoliyati va erishgan yutuqlari bilan yaqindan tanishishdi.

Text to speech