1 Sentyabr 2025 yil 112

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Janubiy operativ qo‘mondonligi rahbariyati tomonidan yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazildi

Viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda Janubiy operativ qo‘mondonligi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yo‘riqnomada, Ichki ishlar boshqarmasi, Janubiy operativ qo‘mondonligi rahbarlari ishtirok etishdi.

Yo‘riqnomada asosiy e’tibor 2025–2026 o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan tashkil etiladigan “Bilimlar kuni” tadbirlariga tayyorgarlik holatini atroflicha ko‘rib chiqishga qaratildi. Ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar vaqtida fuqarolar, xususan bolalar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash maqsadida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, yo‘riqnomada huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, xizmat faoliyatini muvofiqlashtirish, har bir ta’lim muassasasida xavfsizlikni ta’minlashga mas’ul xodimlarni aniqlash, ommaviy yig‘ilishlar o‘tadigan joylarda nazoratni kuchaytirish, texnik vositalardan samarali foydalanish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Mas’ul rahbarlarga joylarda tezkor choralar ko‘rish, barcha maktab va ta’lim muassasalarida profilaktik tekshiruvlar o‘tkazish, xavfsizlik infratuzilmasini yanada takomillashtirish, shuningdek, aholi orasida tushuntirish ishlarini keng yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

O‘tkazilgan yo‘riqnoma yakunida Surxondaryo viloyatida yangi o‘quv yilining xavfsiz tashkillashtirilgan holda boshlanishini ta’minlash uchun barcha zarur tashkiliy va amaliy choralar belgilanib, ta’lim muassasalariga biriktirilgan xodimlar xizmat joyiga yuborildi.

Text to speech