25 Oktyabr 2023 yil 922

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida 25 oktabr O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligi, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida olib borayotgan Ichki ishlar xodimlari bugun kasb bayramini munosib nishonlamoqdalar.

Jumladan, Viloyat IIB boshlig‘ining 2023 yil 21 oktabr kunidagi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlari organlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda 25 oktabr – “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan kasb bayramini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoyishining ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 25 oktabr kuni Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbir avvalida viloyat IIB boshlig‘i so‘zga chiqib, Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini shaxsiy tarkibga o‘qib eshittirdi hamda osuda hayotimiz kafolatlari bo‘lgan Ichki ishlar organlari xodimlari e’tirof etilib, sohadagi islohotlar natijasida erishilayotgan yutuqlar tilga olindi. Shundan so‘ng, tizimda o‘zlarining samarali ish faoliyati bilan xamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlar viloyat Hokimligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqarma boshlig‘ining qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Bayram tadbirlari viloyatning barcha shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlarida ham davom etmoqda.

Text to speech