10 Oktyabr 2022 yil 427

Surxondaryo viloyatida ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar xizmat qilgan bir necha faxriylar holidan xabar olinib, kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan moddiy yordamlar ko‘rsatildi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining 2022 yil 28 sentabr kunidagi “Ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va xodimlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytarish bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarni milliy qadriyatlarga sodiq, chinakam vatanparvar va fidoyi, burchiga sadoqatli etib tarbiyalashda faxriylarning yordamidan samarali foydalanish hamda xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida, joriy yilning 3 oktabr kunidan boshlab bir oy muddat davomida vazirlikning hududiy bo‘linmalari xodimlari bilan ichki ishlar organlarining faxriylari ishtirokida foydali uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Guliston” hamda “Gulira’no” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham farmoyish talablari doirasida uchrashuv tashkil etildi.

Unda IIV Faxriylar kengashi a’zosi, yuridik fanlari doktori, iste’fodagi polkovnik Abdug‘ofur Sattorov, Termiz shahar IIB JXX HPB profilaktika inspektorlari, MFY raislari, Yoshlar ishlari agentligi mutaxassislari ichki ishlar organlari faxriylari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.

Tadbirda yuridik fanlari doktori, iste’fodagi polkovnik A.Sattorov, so‘nggi vaqtlarda mahallalarda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatchilik hamda ularning barvaqt oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar, mahalla raisi va profilaktika inspektori hamkorlikda tashkil etayotgan ishlar, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanga sadoqat ruhida har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashda o‘zlarining xizmatlarini ayamasliklari, bunda ichki ishlar organlari faxriylari ham beg‘araz yordamlarini ayamasliklari, xizmatda orttirgan tajribalarini, ish uslublarini yosh xodimlarga o‘rgatish va ko‘maklashishlari borasida kerakli tavsiyalarni berdi.

Shuningdek, dunyoda ro‘y berayotgan murakkab geosiyosiy va g‘oyaviy-mafkuraviy jarayonlar, terrorizm, ekstremizm hamda aqidaparastlik kabi salbiy illatlarning mazmun-mohiyati haqida ham fikr-mulohazalar yuritildi.   

Ko‘lami keng yig‘ilishda milliy davlatchiligimiz tarixi, buyuk siymolar, sarkardalar va urf-odatlar haqida tushunchalar berib, xodimlar ongida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish orqali xizmat vazifalariga vijdonan va sidqidildan yondoshib, hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan xodimlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish hamda ularni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritilishini bildirdi.

Sir emas, mustaqillik yillarida ichki ishlar organlarida namunali xizmat qilib, hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylar bilan uchrashuvlar uzluksiz hamkorlikni yo‘lga qo‘yish xizmatda o‘zining ijobiy natijasini berishini ta’kidladi. Ushbu jarayonda ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilib, nafaqaga chiqqan I va II guruh nogironlari, yolg‘iz hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj faxriylar, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolari holidan xabar olish hamda moddiy va ma’naviy ko‘mak berish lozimligini ta’kidladi. 

Faxriy ichki ishlar organlari xodimlariga o‘zining tavsiyalari chog‘ida hozirgi kunda xodimlar tomonidan sodir etilayotgan ko‘ngilsiz va salbiy holatlarni bartaraf etish bilan birga, kelgusida bundan har bir xodim o‘ziga xulosa qilishi, o‘z kasbiga sodiq qolib, sadoqat bilan Vatanga xizmat qilishlari yuzasidan rahbariy topshiriqlarni berdi.

Bu boradagi ishlar viloyatning shahar-tuman IIBlarida davom ettirilmoqda.

Text to speech