22 Fevral 2023 yil 196

Surxondaryo viloyati IIO xodimlarining kasbiy va jangovar tayyorgarlik darajalari oshirilmoqda.

 Surxondaryo viloyati IIB Kasbiy tayyorgarlik bo‘limi, Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi, IIV Maxsus otryadi va Tibbiyot bo‘limining malakali xodimlari ishtirokida viloyat ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlar bilan IIVning 2022-yil 22-sentabr kunidagi “Ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat, jangovar, jismoniy va axloqiy-psixologik tayyorgarligini tashkillashtirish to‘g‘risida” 383-son buyrug‘iga asosan navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari hamda “tana vaznini kamaytirish va me’yorida saqlash” bo‘yicha Maxorat darslari o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotidan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning xizmat vazifalarini bajarish vaqtida, jangovar harakatlarda, vaziyat keskin o‘zgargan ekstremal sharoitlarda hamda jangovar shaylikning yuqori darajalarida samarali va ishonchli harakat qilishi, shuningdek yuklatilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishi uchun zarur bo‘lgan harbiy mahorat, tezkor-taktik fikrlash, shuningdek, yuksak axloqiy-ruhiy va jismoniy holatini shakllantirishga yo‘naltirilgan tayyorgarlik mashg‘ulotlari hisoblanadi.

Shuningdek, o‘quv mashg‘uloti davomida xodimlar tomonidan turli kasalliklarga qarshi kuchli immun tizimi paydo bo‘lishini ta’minlash, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklash va reabilitatsiya ishlarini samarali olib borish, zararli odatlardan voz kechish, xususan, alkogol va tamaki maxsulotlarini iste’mol qilish orqali kasallikka chalinishning oldini olish, ortiqcha vaznni (semizlikni) kamaytirish, sog‘lom ovkatlanish madaniyatini keng targ‘ib qilish, shu jumladan, tartibsiz va kechki uyqu oldidan ovqatlanish odatlaridan voz kechish orqali antropometrik ko‘rsatkichlari hamda boshqa o‘tkir kasalliklarni keskin kamaytirish bo‘yicha zarur ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvar kunidagi «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-10-son Qarorining mazmun-mohiyati shaxsiy tarkibga yetkazildi.

Hozirda Surxondaryo viloyati IIBda qonunchilik normalari asosida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishga, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, murakkab va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan xodimlarni tayyorlash bo‘yicha tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar davom etmoqda.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech