Surxondaryo viloyati IIBda Yangi yil bayrami oldidan arzonlashtirilgan “Savdo yarmarka”si tashkil qilindi
Bayram yaqin, hademay barcha xonadonlarda yaxshi niyatlar bilan Yangi yil dasturxoni bezatiladi. Shu bois ham barcha ro‘zg‘origa bozor qilish taraddudida.
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati ham ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlar va ishchi xizmatchilar uchun bayram oldidan arzonlashtirilgan oziq-ovqat savdo yarmarkasini tashkil qildi. Viloyat IIB hovlisida tashkil etilgan yarmarka rastalarida sifatli va arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, un, yog‘, shakar, qovun-tarvuz, poliz mahsulotlari, meva-sabzavotlar, turli yaxna ichimliklar, baliq, mol, qo‘y va tovuq go‘sht mahsulotlari, tuxum, sut va boshqa turdagi sar xil mahsulotlar o‘rin olgan.
– Hamkasblarim bilan birga Yangi yil dasturxoni uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qildim. Eng muhimi, mahsulotlar hamyonbob arzon va sifatli. Endi bozorga borib, vaqtimizni yo‘qotmaymiz. Bunday yaratilgan qulayliklardan boshqa hamkasblarim qatori men ham mamnunman, shu o‘rinda ushbu arzonlashtirilgan Savdo yarmarkasini tashkil qilib bergan rahbariyatimizga minnadorchiligimni izhor etaman, – deydi viloyat IIB xodimi, katta serjant Iskandar Xurramov.
Arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi viloyatning barcha shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlarida ham tashkil etilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati.