Surxondaryo viloyati IIBda IIV Akademiyasi kunduzgi ta’lim 1 va 2-o‘quv kursining kursantlari amaliyot o‘tashlari hamda ular ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2019 yil 30 sentabrdagi 312-son “Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursant va tinglovchilarining ichki ishlar organlarida amaliyotlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i talablari ijrosini ta’minlash hamda amaliyotni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida 2023 yilning 26 iyun kunidan 17 iyul kuniga qadar viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati, Tashkiliy boshqarma, Ekspert kriminalistika markazi, Tezkor qidiruv xizmati, Termiz shahar va Denov tumani Ichki ishlar boshqarmasi hamda barcha tuman IIBlarida, IIV Akademiyasining kunduzgi ta’lim 1 va 2 o‘quv kursi kursantlarining o‘quv-tanishuv va ish o‘rganish amaliyotini tashkil etish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi.
O‘tkazilgan uchrashuvda Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Sh.Shadiev, IIV Akademiyasi mas’ul xodimlari, Surxondaryo viloyati Faxriylar kengashi raisi va a’zolari, IIV Akademiyasi kunduzgi ta’lim 1 va 2-o‘quv kursining 79 nafar kursantlari hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.
Viloyat IIB rahbariyati tomonidan amaliyotni o‘tash davomida kursantlar tomonidan shaxsiy xavfsizlik choralariga, fuqarolar bilan muloqotda odob-axloq, xizmat intizomi, qonunchilikka qat’iy rioya etishlari ta’minlash va doimiy nazoratga olib borish, kursantlarga amaliyot dasturini muvaffaqiyatli bajarish, amaliyot faoliyatiga taalluqli ko‘nikmalarni shakllantirish, mutaxassislik bo‘yicha mustahkam kasb mahoratini egallash va takomillashtirish, ijtimoiy, tarbiyaviy hamda tashkilotchilik faoliyati tajribasini orttirishlari uchun zaruriy sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlandi.
Mazkur tadbirda so‘z olgan viloyat Ichki ishlar organlarining faxriy xodimlari tizimda o‘z faoliyatlari boshlayotgan yosh avlod hamda ularning ota-onalariga o‘zlaring xizmat faoliyati davomida ko‘rgan kechirgan qiyinchiliklari haqida so‘zlab, bugungi kunda Ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar hamda xodimlarning ijtimoiy himoyasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdilar.
Shundan so‘ng o‘qish faoliyati davomida yaxshi natijalarga erishgan bir guruh kursantlar va ularning ota-onalariga IIV Akademiyasi hamda Surxondaryo viloyati IIB rahbariyati nomidan minnatdorchilik bildirildi.