4 Noyabr 2022 yil 497

Surxondaryo viloyati IIBda 25 nafar xodim uy-joy olishlari uchun moddiy qo‘llab-quvvatlandi

Prezidentimizning 2022 yil 8 fevral kunidagi 118-sonli “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida ham ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 216 nafar xodimlar bir martalik moddiy yordam puli so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa, shundan 25 nafar betob xodimga 453.080.746 so‘m, 40 nafarining yaqin qarindoshlarini operatsiya qilish uchun 533.040.000 so‘m, to‘y va dafn marosimlari uchun 127 nafar xodimga 698.614.788 so‘m moddiy yordam berildi. Yana 10 nafariga 26.000.000 so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. 3 nafariga sanatoriy-kurort muassasalarida davolanish va dam olishi uchun 17.295.000 so‘m to‘lab berildi. Shu hisobda jami 1.728.030.534 so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam pullari to‘lab berildi.

Shuningdek, yengil avtotransport vositalari sotib olishlari uchun 15 nafar xodimga 1.218.000.000so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida kredit ajratilishi hamda 12 nafar xodimga esa jami bo‘lib 715.000.000 so‘m turar joyni ta’mirlash (rekonstruksiya) qilish maqsadida foizsiz qarz ajratilishi yuzasidan Markaziy komissiyaga taklif kiritilgan. Ushbu mablag‘lar ham tez kunlarda ajratiladi.

Albatta, xodimlarni uy-joy bilan ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarni alohida e’tirof etishimiz joiz. Buni oldingi yillar bilan solishtirsak, 2018 yilda 60 nafar, 2019 yilda 30 nafar, 2020 yilda 15 nafar xodimlarga Termiz shahar hududidan hamda 2021 yilda 45 nafar xodimga Denov tumani hududidan va 27 nafariga Termiz shahar hududidan ko‘p qavatli uylardan xarid qilishlari uchun dastlabki to‘lov mablag‘lari ajratildi.

Bu yil esa imkoniyatlar yanayam kengaytirilib, 25 nafar xodimga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uyning 25 foizini qaytarib bermaslik sharti bilan to‘lab berilmoqda. Ushbu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda xonadonli bo‘lgan xodimlarga to‘lanadigan pul mablag‘larining sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda xodimlarning oila a’zolari va ota-onalari ham ishtirok etishib, bunday g‘amxo‘rlikdan minnatdor ekanliklarini bildirishdi.

Boshpanali bo‘lish kishi uchun katta baxt sanaladi. Chunki unda halovat topib yashaymiz, farzandlarimiz ulg‘ayadi. Bugun ichki ishlar organlari xodimlariga ana shunday baxtga erishishlari uchun yaqindan ko‘mak berilayotgani chinakam g‘amxo‘rlikning namunasidir.

Text to speech