14 Mart 2022 yil 386

Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘ining Shimoliy mintaqaviy hudud bo‘yicha vakili-mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshlig‘i Uzun tumani “O‘rmonchi” mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi.

“O‘rmonchi” mahallasi tumanning tog‘li hududlaridan biri bo‘lib, markazdan 35-40 km olis masofada joylashgan. Hozirgi kunda ushbu mahallada 120 ta xonadonda 713 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Hududda tuzilgan “Ayollar daftari”da 12 nafar, “Yoshlar daftari”da 5 nafar va “Temir daftar”da 1 nafar fuqaro qolgan. Mahalla aholisining asosiy qismi chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
Tashkil etilgan Sayyor qabulda, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining Shimoliy mintaqaviy hudud bo‘yicha vakili-mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshlig‘i podpolkovnik M.Xo‘jayev tomonidan fuqarolar murojaatlari tinglandi.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezident portali va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishonch telefonlariga takroran bir necha bor murojaat qilgan fuqarolarning arizalari ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng, “O‘rmonchi” mahallasida yashovchi fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Misol uchun, O.Sultonova mahallada tibbiy punkt yo‘qligi, elektr sim yog‘ochlar ham yaroqsiz holga kelib qolganligini bildirdi. Mazkur murojaat tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 25 martgacha 50 dona sim yog‘och yangisiga almashtirib beriladigan bo‘ldi. Fuqarolar ichimlik suvi muammosini aytishganda esa holat o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, mahalladan 500 metr pasda suv qudug‘i qazilgan, ammo suv tortish nasosi yo‘qligi sababli ushbu quduq yopib qo‘yilgan. Shu kunning o‘zida tuman hokimligi quduqqa nasos o‘rnatib berishni zimmasiga oldi.
Mahalladagi 41-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori S.Qurbonov o‘z murojaatida maktabda sinfxonalar yetishmasligini, kutubxona va sport zal yo‘qligi sababli o‘quvchilar qiynalishayotganligini o‘z murojaatida ma’lum qildi. Uning murojaatiga asosan tuman xalq ta’lim bo‘limi boshlig‘iga maktab uchun qo‘shimcha bino va sport zal qurish bo‘yicha 2023 yil dasturiga kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, hududdagi 53-maktab filiali binosi ham butunlay ta’mirtalab bo‘lib, nosoz holga kelib qolgan. Mahalla bolalari hozirda maktabga bormasdan onlayn tarzda uyidan turib o‘qishmoqda. Ammo, bu bolalarning o‘zlashtirishini ancha tushirib yuborgani aytildi. Shu sababli 2021 yilda birorta ham o‘quvchi oliy o‘quv yurtiga kira olmagan. Holat yuzasidan tuman hokimligiga zudlik bilan viloyat hokimi hamda xalq ta’lim boshqarmasi boshlig‘i nomiga xat chiqarish, ushbu muammoni zudlik bilan bartaraf etib, o‘quvchilarni darsga qaytarish chorasini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati
Text to speech