5 Sentyabr 2022 yil 436

Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i Termiz tumanidagi maktabda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi

Termiz tumanida joylashgan 5-sonli umumta’lim maktabida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida birinchi qo‘ng‘iroq tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB boshlig‘i polkovnik A.Ismoilov ishtirok etib, ta’lim muassasasida jam bo‘lgan o‘qituvchi va o‘quvchi-yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etib, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimini isloh qilish, kelajak avlodga sifatli va zamon talabiga mos tarzda ta’lim berish borasida bir qancha farmon va qarorlar imzolanib, qo‘shimcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratib berilgani haqida so‘z yuritdi.

Ayniqsa, viloyatimizda maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanib, bu borada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oxirgi 5 yil davomida viloyatda 73 ta maktablar va maxsus fanlarga ixtisoslashgan ta’lim muassasalarining qurilib, foydalanishga topshirilishi natijasida 38 mingdan ortiq o‘quvchilar sig‘imi 51 mingdan ortiq sig‘imga aylantirildi.

Bundan tashqari, viloyatimizda qo‘shimcha 3 ta xususiy maktablarning ochilishi, pedagog xodimlarning 34 ming nafardan 44 ming nafarga yetkazilishi, maktab kutubxonalari sonining 102 taga ko‘paytirilishi, undagi kitoblar sonining 577 ming taga oshirilishi, 902 ta maktablarning to‘liq kompyuter jamlanmasi bilan ta’minlanishi, 633 ta maktablarda sport zallarini qayta rekonstruksiya yoki yangidan qurilishi kabi o‘zgarishlar  kelajagimiz egalari bo‘lmish — farzandlarimiz uchun yaratib berilmoqda.

Misol uchun, 2022 yil xalq ta’limi tizimida jami 88 ta umumta’lim maktablarida qurilish-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda. Buning uchun jami 233 mlrd 100 mln. so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilangan.

Viloyatimizda 2019 yilda maktab bitiruvchisining atigi 8,6 foizi o‘qishga kirgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 20,4 foizga yetdi. Xususan, 5-umumta’lim  maktabini 2021-2022 o‘quv yilida 98 nafar o‘quvchilar 11-sinfini tamomlab, ularning 28 nafari o‘qishga kirdi. Joriy yil bitiruvchilaridan 2 nafari muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi, fan olimpiadalarida faol qatnashib, 6 nafari tuman bosqichida faxrli

1,2,3 o‘rinlarni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichiga faol ishtirok etdi.

Eng quvonarlisi, maktab o‘quvchilarining sport yo‘nalishida ham viloyat va Respublika turnerlarida faol qatnashib, O‘zbekiston chempionlari bo‘lib kelishmoqda.

Jumladan, joriy yilda sportning Sambo yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida o‘z vaznida 11-sinf bitiruvchisi Allayorova Sumbula 1-o‘rinni va 11-sinf o‘quvchisi Ro‘ziev Xayitbek uchinchi o‘rinni egallagan.

Bundan tashqari, 8-sinf o‘quvchisi Abilova Madina, 9-sinf o‘quvchisi Yashinova Sabrina, 10-sinf o‘quvchilari Normo‘minova Nurfiza, Boltaeva Dildora, Kenjaeva Komilalar ham ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan tuman ko‘rik-tanlovida faxrli uchinchi o‘rinni egallab qaytishdi.

Bunday yutuqlarni ko‘plab keltirish mumkin. Bu yutuqlar esa maktab jamoasi hamda uztozlarining mashaqqatli mehnatlari va izlanishlarining samarasidir, deya ta’kidladi A.Ismoilov.

Tadbirdan so‘ng, o‘quvchilarning badiiy chiqishlari barchani xushnud etdi. So‘ngra, birinchi qo‘niroq chalingach, mustaqillik darslari o‘tilib, birinchi sinfga qabul qilingan bolajonlarga Prezident sovg‘asi - o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tarqatildi. Bunday tadbir vohamizning barcha hududlarida shunday ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.

Text to speech