Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi
Turli kasb va hunar egalari ishtirokida o‘tkaziladigan ko‘rik tanlov va bellashuvlar mohiyatida avvalo tizimda sog‘lom ma’naviy muhitini shakllantirish, jamoalardagi ishchi xodimlarning intelekt qobiliyatlarini o‘stirish va albatta iqtidorlilarni rag‘batlantirish qo‘llab-quvvatlashdek ezgu maqsadlar mujassam. Mana bir necha yildirki IIO tizimida ham turli nominatsiyalar bo‘yicha Respublika tanlovlarini o‘tkazish an’ana tusini olgan. “Eng yaxshi ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi” respublika tanlovining viloyat bosqichi ham yuqori saviyada tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan “Ichki ishlar organlarida “Eng yaxshi ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu tashabbus ichki ishlar organlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan eng yaxshi rahbar xodimlarni aniqlashning har tomonlama, xolisona, oshkora mexanizmlari va mezonlarini joriy etish imkonini berayotgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda. Qolaversa xodimlarining ongi va qalbida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” konseptual g‘oyasini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik va yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirishda ham salmog‘i katta bo‘lmoqda. Mazkur tanlovda ishtirokchilar ya’ni viloyati ichki ishlar boshqarmasining ayrim sohaviy xizmat va shahar-tumani IIB boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari to‘rtta shart bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Ya’ni, amalga oshirilgan ishlari, test va savollar, og‘zaki suhbat jismoniy va jangovor tayyorgarlik darajalariga baho berildi. Tanlovning yakuniy natijasiga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Saydullo Nazirov uchinchi, Sariosiyo tumani IIB boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari kapitan Abror Soxibov ikkinchi o‘ringa loyiq topildi.Viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati bataloni komandirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Otabek Narkabilov esa faxrli 1-o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqiga yo‘llanma oldi.
Tamoyiliga ko‘ra g‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.