31 Dekabr 2022 yil 457

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining Yangi yil bayram tabrigi

Assalomu aleykum, qadrli yurtdoshlar!

Mana 2022 yil nihoyasiga yetib, yangi 2023 yilga qadam qo‘ymoqdamiz. Avvalo, o‘tgan bir yil davomida mamlakatimizda va odamlar hayotida katta o‘zsharishlar yuz berdi. Yangi O‘zbekiston tarixida Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar – birgina maqsad sari, ya’ni xalqni rozi qilish va ularga yaqindan xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirildi.

Ushbu tizim asosida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida, 11 oyda viloyatdagi 723 ta mahallaning 277 tasida yoki 38,3 foizda bironta ham jinoyat sodir etilmadi.

Shuningdek, amalga oshirilayotgan tezkor tadbirlar natijasida inson hayoti bilan bog‘liq o‘ta og‘ir oqibatli jinoyatlarning oldi olindi. Qolaversa, viloyatda ichki ishlar organlarini zamonaviy qiyofasini shakllantirish, xodimlarning samarali xizmat olib borishi uchun zaruriy sharoitlar yaratish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi, Yopiq sport majmuasi, Aniq yashash va ish turiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markazi, Denov hamda Bandixon tumanlari ichki ishlar organlarining zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan ma’muriy binolari qurildi.

Shuningdek, Qumqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi ma’muriy binosi mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

El osoyishtaligi uchun bel bog‘lagan ichki ishlar organlari xodimlari uchun munosib sharoit yaratish maqsadida har bir xodim va ularning oila a’zolarini ijtimoiy ximoya qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Natijada, shu kunga qadar turli muammolari mavjud bo‘lgan 280 nafar xodimlarning murojaatlari o‘rganilib, ularga 2 mlrd. 63 mln. so‘mdan ortiq bir martalik moddiy yordam puli ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Albatta, bu natijalar quvonarli, biroq endilikda 2023 yilda ham katta rejalarni amalga oshirishni maqsad qilmoqdamiz.

Davlatimiz rahbari 2023 yilni – “Inson qadri va sifatli ta’lim yili”- deb, e’lon qildi. Endilikda, ushbu sohada boshlangan islohotlar davom ettirilib, ta’lim sifatini oshirish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etiladi. Bu yo‘lda qonun ustovorligini ta’minlash, odamlarning davlatdan rozi bo‘lib yashashi uchun Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari astoydil mehnat qiladilar!

Aziz yurtdoshlar!

Nihoyasiga yetayotgan 2022 yilning ostonasida turib, barchangizni Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklayman. Yangi yilda barchangizning xonadoningizda tinchlik va osoyishtalik hukmron bo‘lsin. Qut-baraka, xursandchilik va katta yutuqlar olib kelsin! Bayramingiz muborak bo‘lsin!

A.S.Ismoilov,

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik

Text to speech