5 Aprel 2022 yil 403

Surxon vohasida ilk bora o‘tkazilayotgan loyiha tadbiri Sariosiyo tumanining “Yoshlar bog‘i”da bo‘lib o‘tdi

Bugun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi PQ-3271–sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Surxondaryo viloyatining so‘lim va go‘zal Sariosiyo tumanida yangi barpo etilgan “Yoshlar bog‘i”da Surxon vohasida ilk bora o‘tkazilayotgan uch bosqichli "Eng kitobxon maktab" loyihasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda, Surxondaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Ilhom Saparov, Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Abduvohid Ismoilov, "Eng kitobxon maktab" loyihasi tashkilotchisi, jurnalist, IX "Oltin qalam" milliy mukofoti sovrindori Shuhratjon Axunjanov, "Do‘stlik" ordeni sohibasi, "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" shoira, Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston hamda Qoraqalpog‘iston Xalq artisti Jenisbek Piyazovlar ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda so‘zga chiqqanlar kitob umr yo‘llarini yorituvchi so‘nmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, insonga har qanday vaziyatda ham hamroh bo‘luvchi sodiq do‘st. Insonning ma’naviy kamolotini ta’minlashda kitob singari kuchli qudratga ega vosita yo‘qligi hamda ushbu loyiha yoshlarga bilim olib o‘zlarining kelajagiga berilayotgan yana bir imkoniyat ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
"Eng kitobxon maktab" loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xalq ta’lim vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va Sariosiyo tuman hokimligi, "Kitob markazi-Kitob dunyosi" tarmoq savdo markazlari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, «Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish oliy burchimiz» shiori ostida "Ma’naviyat oyligi" doirasida bugungi kunda viloyatdagi maktablarda ta’lim olayotgan barcha o‘quvchilar, shuningdek ularning ota-onalari va o‘qituvchilari uchun o‘ziga xos kitob bayramlarini tashkil etib, ana shu tadbirlar davomida ularni sifatli va mazmunli kitoblar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: "Kimki ma’naviyat masalasi- bu faqat Ma’naviyat va ma’rifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb, o‘ylasa, xato qiladi"... Demak, ushbu ma’naviyatni yuksaltirishda barchamiz birdek mas’uliyatlimiz va birga, hamjihatlikda harakat qilmog‘imiz lozim.
Text to speech