Sport salomatlik elchisi
Mohiyatan, sport salomatlik garovi ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Shu bois, O‘zbekistonda sport bilan shug‘ullanish ommaviy tus olmoqda. Sog‘lom turmush tarziga amal qilayotgan yurtdoshlarimiz soni kun sayin ko‘payib borayotgani ham fikrimiz dalili. Prezidentimizning 2020 yil 30 oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni esa bu boradagi harakatlarimizga yangi ruh bag‘ishladi. Qish bo‘lishiga qaramay, erta tongdan xiyobonu ko‘chalarda yugurib, chiniqayotgan odamlarni ko‘p uchratyapmiz. Bugun harbiylashtirilgan tizim xodimlari o‘rtasida ham sport bilan muntazam shug‘ullanish avj olgan. Turli sport musobaqalari o‘tkazish ommalashmoqda.
Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani keyingi yillarda ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazishga keng yo‘l ochmoqda.
Sport (ing. sport – o‘yin) jismoniy madaniyatning tarkibiy qismi, jismoniy tarbiya vositasi va usuli, jismoniy mashqlarning turli majmualari bo‘yicha musobaqalar tashkil etish, tayyorlash va o‘tkazish tizimidir.
Ibn Sino “Tib qonunlari” asarining birinchi kitobida jismoniy mashg‘ulotni kishining yoshiga, sog‘-salomatligiga va kasalligiga qarab, turlicha shakl va usullarda o‘tkazish kerakligini ta’kidlaydi. Ibn Sino jismoniy tarbiya to‘g‘risida fikr yuritar ekan, uni tashkil etishda kishilarning turli yoshi va jinsini ham hisobga olish kerakligiga alohida e’tibor qaratadi. Mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ommaviy sog‘lomlashtirish harakatlarini targ‘ib qilish, xalqaro maydonlarda ham yurtimiz nufuzini oshirish borasida qilinayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek QOSIMOV bilan suhbatlashdik.
— Sport haqida gap ketganida, avvalo, olimpiya harakati g‘oyasi, maqsad va vazifalari haqida aytish o‘rinli. Asosiy g‘oya, bu — birinchidan, aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni keng targ‘ib qilish hamda ommalashtirish, — deydi O.Qosimov. — Barcha mamlakatlarda ham jismoniy tarbiya va sport vazirligi yoki davlat bosh qaruvi shaklidagi muassasa bo‘lmasligi mumkin, lekin Xalqaro olimpiya qo‘mitasining tashkilotlari butun dunyoda bor. Bu olimpiya harakati asosida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, shu orqali aholining barcha qatlami salomatligini mustahkamlash uchun zo‘r imkoniyat, degani.
“O‘zining rivojlanish jarayonida sport shunday yuqori cho‘qqilarga ko‘tarildiki, ko‘rsatilgan natijani yoki bir sportchining boshqasidan ustunligini ob’ektiv baholash va aniq belgilash borgan sari murakkablashib bormoqda. Sportning har bir turida muayyan qoidalar mavjud bo‘lib, ularga mos ravishda sportchilar harakatlanadilar, sport kurashi olib boriladi, harakatga baho beriladi, natija va g‘olib aniqlanadi.” Sport bu hech bir odamni befarq qoldirmaydigan ijtimoiy hodisadir. Shu bilan birga sport bu imkoniyatlarning eng yuqori chegarasida natijalarni namoyon qilishga sport kurashida g‘oliblikka halol va pok yo‘l bilan intilishdir.