26 May 2022 yil 394

So‘lim go‘shadagi samimiy suhbat

Ayol qalbini ayol tushunadi, deyishgani bor gap. Yo‘qsa, bu nozik xilqat egalari yelkasiga qancha yukni ortmoqlasa ham dardini dasturxon qilmay, jimgina yuraverishadi.
Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi vakillari - MMI va KBTD MMB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Nargiza Mirjalolova hamda «Postda» «Na postu» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, polkovnik Bernora Sadikovalarning tashrifi vohada IIO tizimida xizmat olib borayotgan xotin-qizlarning faoliyati bilan yaqindan tanishish, ular duch kelayotgan ayrim muammoli holatlarga aniqlik kiritish, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish uchun ayni muddao bo‘ldi.
Shu maqsadda ishchi guruh vakillari Termiz tumanidagi At-Termiziy ziyoratgohidagi bog‘da ular bilan uchrashib, samimiy suhbat uyushtirishdi.
Uchrashuv davomida respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy markazining Surxondaryo filiali oliy toifali vrach onkologi, xirurg–mamolog A.Normo‘minov yig‘ilganlarga bugungi kunda ayrim ayollarda uchrayogan ko‘krak saratoni kasalligi haqida batafsil ma’lumot berdi. Ushbu kasallikni oldini olish hamda sog‘lom turmush tarziga rioya etish uchun shifokor-mutaxassis o‘z tavsiyalarini ham aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng, ishchi guruh vakillari IIV Surxondaryo akademik litseyida bo‘lishdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasida esa faxriy xotin-qizlar hamda yosh xodimalar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” ham o‘tkazildi. Faxriy xotin-qizlarning tajribalaridan foydalanish, ichki ishlar organlaridagi xodimalar faoliyat samaradorligini oshirish uchun ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari lozimligi ta’kidlandi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati
Text to speech