Siz uyda o'tiring, pensiya pulingizni biz olib boramiz
Surxondaryo viloyatida ham pensioner va nafaqa oluvchilarga naqd pullarni uyma-uy tarqatish joriy etildi. Bu jarayonda beriladigan naqd pullar maxsus paketlarda o'z egalariga topshirilmoqda.
Pandemiya dunyo bo'ylab odamlarga chang solayotgan shu kunlarda mamlakatimizda pensiya va nafaqa pullarini yashash manzillariga olib borib berishning joriy etilgani katta yoshdagi va surunkali kasali mavjud insonlar o'rtasida virus tarqalishining oldini olishga qaratilgan muhim choralardan biridir. Shuningdek, ularning uydan tashqariga chiqmay karantin qoidalariga to'liq amal qilishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Vohada mingdan ortiq pensiyaga chiqqan ichki ishlar organlari xodimlari to'kin hayot kechirmoqda. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas'ul xodimlari sobiq osoyishtalik posbonlarining aprel oyi pensiya pullarini belgilangan sanitariya-gigiena qoilariga rioya etgan holda o'zlariga topshirmoqda.
–Shu kungacha 840 dan ortiq pensionerimiz naqd pulni o'z uyida qabul qilib oldi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboev. – Bu ezgu ishni boshqarmaning moliya va moddiy texnika ta'minot xizmati pensiya ta'minoti bo'limi mas'ul xodimlari yurtimizda joriy etilgan karantin talablariga muvofiq amalga oshirayotir. Ko'rsatilayotgan bunday e'tibor ichki ishlar organlari pensionerlari tomonidan karantin qoidalari buzilishining oldini olish barobarida ularning o'z-o'zini himoya qilish tizimiga amal qilib, o'zlari va yaqinlarini ko'zga ko'rinmas ofatdan saqlashga qulay imkoniyat yaratmoqda.
Viloyatda pensioner va nafaqa oluvchilarga aprel oyi naqd pullarini topshirish davom etmoqda.