31 Mart 2022 yil 501

Sho‘rchida aholi muammolari o‘rganildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi hamkorligida Sho‘rchi tumanining Kushon mahallasida joylashgan 67-umumta’lim maktabi binosida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida fuqarolar uchun navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Xalq bilan ochiq muloqotda viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar boshliqlari fuqarolarni o‘ylantirayotgan muammolarni tinglab, ularni birgalikda hal etish yo‘llarini izladi.
Murojaatlar asosan yo‘llarni ta’mirlash, elektr ustunlarini yangilash, toza ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, bolalar puli, uy-joy uchun subsidiya olish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ishga joylashish kabi masalalarda bo‘ldi.
Turmush o‘rtog‘im 2-guruh nogironi, ikki nafar farzandimiz bor. O‘zim ham hech qayerda ishlamayman, qatnab ishlashga imkoniyatim ham yo‘q, farzandlarim yosh hali deydi Guliston mahallasida yashovchi Mahbuba Nodirova. Meni tikuvchilikka uquvim borligini inobatga olishib, tikuv mashinasini berishdi. Endi farzandlarimga ham qarayman, ro‘zg‘orimni ham eplayman, tikuvchilikdan daromad ham olaman. Shunday yurtda yashayotganimdan faxrlanaman.
Ochiq muloqotda vohaning Uzun, Denov, Qumqo‘rg‘on va Oltinsoy tumanlaridan ham fuqarolar kelib, o‘z muammolari bilan murojaat qilishdi.
Sayyor qabul davomida 220 nafar fuqaroning 332 ta murojaati o‘rganildi. Murojaatlarning 103 tasi mas’ullar tomonidan joyida hal etildi. Bir nechta murojaatchiga tikuv mashinasi hamda nogironlik aravachasi topshirildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 229 ta murojaat nazoratga olinib, tegishli mas’ullarga muddat belgilandi

Text to speech