Sho‘rchi tumani hududida ham bayramoldi nazorat, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi
Barcha hududlar kabi Sho‘rchi tumanida ham 3-sektor rahbari, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik A.Ismoilov boshchiligida “Yangi yil” hamda “Prezident archasi” bayram tadbirlari davomida namunali jamoat xavfsizligini ta’minlash, turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish, iste’mol bozorlarida, bayram yarmarkalarida narx-navoni sun’iy ravishda oshirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, 27 dekabr kuni tuman sektor rahbarlari, mutasaddi idora va jamoat tashkilotlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, tuman hududida “Yangi yil” bayrami tadbiri davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Shundan so‘ng, “Bobotog‘” mahallasi hududida joylashgan markaziy dehqon bozori hududida o‘tkazilayotgan “Yangi yil” savdo yarmarkasida tashkillashtirilgan go‘sht mahsulotlari, baliq, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarni arzonlashtirilgan narxlarda sotilayotganligi o‘rganib chiqildi.
Hududiy ichki ishlar, soliq idoralari, bozor ma’muriyati va boshqa mas’ul tashkilot rahbarlariga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish, bayram yarmarkalarida narx-navoni sun’iy ravishda oshirish holatlarini oldini olishga alohida e’tibor qaratilishi tushuntirildi.
Shuningdek, markaziy dehqon bozori hududida “Yangi yil” savdo yarmarkasida tuxum, meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarni arzonlashtirilgan narxlarda, sanitariya gigiena qoidalariga rioya qilgan holda sotilayotganligi ko‘zdan kechirildi.
Markaziy dehqon bozori hududida “Yangi yil” savdo yarmarkasiga tashrif buyurgan fuqarolar bilan ham suhbatlashildi, ularning bozor hududida tashkillashtirilgan savdo yarmarkasidagi narx-navo, ijtimoiy muammolari yuzasidan taklif va fikrlari eshitildi.
O‘rganishlar davomida, sotuvchilar uchun yetarli sharoitlar yaratilmaganligi, oziq-ovqat bozorining qurilish loyihasi tasdiqlanmaganligi sababli to‘xtab qolganligi, sotuvchilar yo‘laklarda savdo qilayotganligi, avtoturargoh joyi ham tartibsiz savdo-sotiq joyi sifatida foydalanilayotganligi, avtomashinalar tartibsiz joylashtirilganligi aniqlandi.
“Bobotog‘” maxalalsi hududida joylashgan “Sho‘rchi Shakarko‘l” MChJga qarashli “Asil diyor savdo” majmuasida ham xarid qilish niyatida kelgan aholining fikrlari tinglandi. Bir yo‘la u yerdagi mijozlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Sotuvchilarga ham xaridorlarga muomala-munosabati, narxlar bo‘yicha ayrim masalalar bo‘yicha tushuntirish berildi.
Hududdagi “Sho‘rchi Nurobod” MChJga qarashli savdo kompleksining shart-sharoitlari ham e’tibordan chetda qolmaydi. Afsuski, savdo kompleksida bozordagi tadbirkorlar bilan bilan tashviqot ishlari olib borilmaganligi sababli bo‘shab yotibdi.
“Bobotog‘” mahallasi hududida markaziy dehqon bozori joylashgan. Aholining asosiy qismi shu yerdan mahsulot xarid qilishadi. Ushbu bozor va uning yon-atroflarini obodonlashtirish maqsadida, tuman obodonlashtirish bo‘limi ishchi xodimlariga tegishli ko‘rsatma berilib, belgilangan hudud tozalanib obodonlashtirildi.
Obodonlashtirish ishlari “Navro‘z” mahallasi hududida joylashgan “Charog‘on bog‘i” markaziy xiyoboniga o‘rnatilgan “Yangi yil” archasining yon-atrofida ham olib borildi. Aytish kerakki, mazkur mahallada ham mablag‘ ajratilmaganligi sababli tibbiyot birlashmasi hududi obodonlashtirilmagani, qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari to‘xtab qolgan. Ishchi guruh tashabbusi bilan Tibbiyot birlashmasining tug‘ruqxona bo‘limining yon atroflari tozalanib, 150 metr hududga shag‘al yotqizilib, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Shu bilan birga tumanning M-41 avtomobil yo‘lining yon atroflari, tumanning markaziy ko‘chalaridagi tashkilot va savdo do‘konlarining yon atroflari tozalanib, chiqindilar olib chiqildi.
Sir emas, elektr, gaz va suv ta’minotida uzilishlar ro‘y bermoqda. Buning oqibatida aholi orasida yuzaga kelayotgan norozilik kayfiyatini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining joriy yil 7 dekabrdagi topshirig‘iga (04-3095-son) asosan, tashkil etilgan tezkor shtab ishchi guruhi a’zolari bilan suxbatlashilib ularga tegishli topshiriqlar berildi.
“Yangi 2022 yil” bayram tadbiri o‘tkaziladigan Navro‘z mahallasida joylashgan “Charog‘on” istirohat bog‘ida o‘rnatilgan Yangi yil archasi o‘rganib chiqilib mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va yo‘riqnoma o‘tkazildi.
Bayram tadbiri o‘tkaziladigan hududda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun 133 nafar kuch-vositalari safarbar etildi. Shuningdek, aholini qiynab kelayotgan, respublika darajasida yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan ham takliflar olindi.
Hozirda Sho‘rchi tumani hududida, “Yangi yil” bayrami tadbiri davomida namunali jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida belgilangan vazifalar ijrosi davom ettirilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati