7 Yanvar 2023 yil 348

Shtab faoliyati: Hududlardagi kamchiliklar va aniqlangan muammolar muhokama qilindi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan viloyat navbatchilik Shtabida oxirgi 24 soat davomida elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi, ko‘mir yoqilg‘isi ta’minoti, ijtimoiy soha ob’ektlaridagi mavjud holatlar va boshqa masalalar yuzasidan aholining murojaatlarini qabul qilish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida viloyat rahbari shahar va tumanlar shtablariga biriktirilgan viloyat vakillari hamda sektor rahbarlarining hududlar bo‘yicha hisobotlarini tingladi.

Jarqo‘rg‘on tumani “O‘zbekiston” mahallasidagi 12 ta ko‘chada yashovchi aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, Qiziriq tumani “Gulobod”, “Takiya” va “Istara” mahallalarida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Shuningdek, Qiziriq tumanining 15 ta mahallasida 81 tonna ko‘mirga ehitiyoj bor. Denov tumani “Sina 1” mahallasidagi hududiy terapiya bo‘limi binosi ta’mirtalab holatda, har kuni elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lishiga qaramay muqobil energiya ta’minoti bilan ta’minlash choralari ko‘rilmagan.

Bu kabi holatlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida mavjud bo‘lib, viloyat rahbari har bir hudud, sektor kesimida kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdi va mas’ullarga mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddatlar belgilagan holda topshiriqlar berdi.

Viloyat rahbari shtab faoliyati muhokamasi yakunida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etmagan, o‘z lavozim majburiyatlariga panja ortidan qarashda davom etgan mas’ullarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi haqida yana bir bor ogohlantirish berdi.

Text to speech