Shtab faoliyati tahlil qilindi va amalga oshiriladigan ishlar belgilab berildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan viloyat navbatchilik Shtabida viloyat, shahar va tumanlar shtablarining faoliyati, hududlarda aniqlangan elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi, ko‘mir yoqilg‘isi ta’minoti, ijtimoiy soha ob’ektlaridagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullar tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Muhokama jarayonlarida hududlardagi bir qator muammolar sanab o‘tildi. Jumladan, Bandixon tumanidagi “Obod turmush” mahallasi aholisiga ko‘mir yetkazib berilmagan. Oltinsoy tumani 1-sektordagi “Mirshodi” mahallasida 20 dona gaz ballon xonadonlar soniga nisbatan yetishmaydi, shuningdek, ushbu mahalla uchun 50 dona beton ustun va qo‘shimcha 20 tonna ko‘mirga ehtiyoj mavjud. Boysun tumanidagi “To‘da” mahallasida yashovchi fuqaro shu kunga qadar nogironlik nafaqasini olmagan, turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandlari ham nogiron, uyida ichimlik suvi yo‘q, ko‘mir olmagan, gaz balloni yo‘q, holat bo‘yicha fuqaro mutasaddilarga murojaat qilishiga qaramay, uning murojaatini hech kim o‘rganmagan. Viloyat rahbari tuman mas’ullariga ushbu holatni o‘z vaqtida o‘rganib, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmaganligi uchun ogohantirish berib, muammoni hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Uzun tumanida ko‘mir omborining bergan ma’lumotiga ko‘ra, “Chaqar” mahallasiga 84,7 tonna ko‘mir yetkazib berilgan. O‘rganishda 62,7 tonna ko‘mir yetkazib berilganligi aniqlangan, qolgan 22,0 tonna ko‘mir yoqilg‘isini olgan fuqarolarning ro‘yxati ombor mas’ullari tomonidan taqdim etilmagan. Ushbu holatni Ishchi guruhi tuzgan holda joyida o‘rganib chiqish va aybdorlarga nisbatan choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Har bir hudud bo‘yicha aniqlangan muammolar shahar va tumanlar shtablariga biriktirilgan viloyat vakillari hamda sektor rahbarlari bilan muhokama qilinib, aniqlangan kamchilik va muammlolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida mas’ullarning axborotlari tinglandi.
Viloyat rahbari mas’ullarning bu borada olib borayotgan ishlarini qoniqarsiz deb topib, har bir mas’ul o‘ziga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishi lozimligini, o‘z lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan rahbarlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirdi.
Sanab o‘tilgan salbiy holatlarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar qabul qilinib, ijrosi bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.