Sho'rchida mast holda bezorilik qilgan yigitga chora Ko'rildi
Sho'rchi tumani "Bo'ston" mahallasida yashovchi Farrux spirtli ichimlikka ruju qo'ygan. Kamiga u shirakayf bo'lib olib, o'zgalarning tinchligi va oromini buzishi, fuqarolarga turli xildagi tan jarohati etkazishi ortiqcha.
2021 yil 6 aprel kuni tungi soat 23-00lar chamasida Farrux yana jamoat joyi hisoblangan Sho'rchi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug'ruq bo'limiga mast holatda kelib, ushbu bo'limga murojaat qilgan bemorlarning tinchligi va osoyishtalagini buzadi. Spirtli ichimlik ta'sirida harakatlarini boshqara olmagan Farrux tug'ruq bo'limida xizmat olib borayotgan navbatchi shifokor Denov tumani "bog'i Eram" mahallasida yashovchi Sherzod bilan janjallashadi. Janjal vaqtida shifokorni do'pposlaydi va unga engil tan jarohati etkazadi.
Bu qilmishidan zarracha uyalmagan, xulosa chiqarmagan Farrux 11 aprel kuni kechki soat 21-00larda "Navro'z" mahallasi hududidagi "Oqshom sity" xususiy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish joyida ham "hunari"ni davom ettiradi. U oshxonaga kelgan mijozlarning ko'z oldida belgilangan tartib qoidalarga amal qilmasdan, shu erda ishchi bo'lgan Axmad bilan tortishadi va uni urib engil tan jarohati etkazadi.
27 aprel kuni soat 22-45 larda omma ko'p to'planadigan, jamoat joylaridan biri hisoblangan "ideal" nomli restoran hududida, ushbu restoranda mijozlarga xizmat ko'rsatuvchi xodim Sho'rchi tumani "Do'stlik" mahallasida yashovchi Asliddinni qo'li bilan boshiga bir necha marotaba urib do'pposlagan.
Mazkur holat yuzasidan Farruxga nisbatan 2021 yil 1 may kunida O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
2021 yil 19 iyul kunida Farruxning takror va takror bezorilik qilgani, qilmishlaridan xulosa chiqarmagani bois unga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan ayblov e'lon qilinib, unga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi qo'llanildi.
Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi tegishli sudlov organiga yuborilgan.
Ichkilik tufayli jamiyatdagi yurish-turish qoidalarini mensimasdan yashab, yon-atrofdagilarning tinchini buzish uchun ham qonunlarimizda javobgarlik belgilangan. Afsuski, buni o'z vaqtida anglab etmagan Farrux noto'g'ri harakatlari uchun javobgarlikka tortiladigan bo'ldi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati