Sho'rchi tumanida sodir bo'lgan mudhish qotillik jinoyati keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
2021 yil 11 may kuni kasalxona xabariga ko'ra, shu kuni soat 18-12 larda, Sho'rchi tumanining "Joyilma" mahallasida yashovchi, "Sho'rchi-sifat-barpo" MCHJ ishchisi, 1984 yilda tug'ilgan A.O. o'zi bilan birga yashovchi, uy bekasi, 1989 yilda tug'ilgan A.N.ni o'z uyida o'zaro janjallashib qolib, A.O. qo'lidagi oshxona pichog'i bilan A.N.ni bo'yin sohasiga bir marotaba sanchib, "hayot uchun xavfli bo'lgan og'ir" tan jarohati etkazgan. 11 may kuni A.O.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Jinoyatning kelib chiqish sababi o'rganilganida marhuma A.N. bilan ayblanuvchi A.O.lar o'rtasida bo'lgan nizoga tumandagi mas'ul mutasaddi idora va tashkilot xodimlari tomonidan yuzaki yondoshib ularni yarashtirish choralari ko'rilmagan va marhuma A.N. bilan etarlicha profilaktik ishlar olib borilmanligi sababli marhuma A.N. ayblanuvchi A.O.ni yashash uyiga fuqarolik ishlari bo'yicha sud tomonidan chiqarilgan qarorga asosan tuman majburiy ijro byurosi tomonidan majburiy ravishda kiritib qo'yilganligi ayblanuvchi A.O. esa bunga qarshi bo'lganligi sababli kelib chiqgan.
Mazkur jinoyat ishi Surxondaryo viloyati IIB boshlig'i polkovnik A.Ismoilov, tuman hokimi B.Xudoyberganov, tuman prokurori F.Xoliqov, tuman DSI boshlig'i Sh.Zokirov, tuman oila va mahallani qo'llab quvvatlash bo'limi boshlig'i g.Shermatova, tuman Imom xatibi A.Asrorxo'jaevlar hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi. Uchrashuv davomida tuman hududida so'ngi vaqtlarda sodir etilayotgan jinoyatlar tahlil etildi. Achinarlisi, ularning aksariyatida spirtli ichimlik sabab bo'layotgani, oiladagi arzimagan kelishmovchilik oqibatida mudhish jinoyatlar ro'y berayotgani qattiq tanqid qilindi.
Shuningdek, oilalardagi nosog'lom muhit, mahalla, profilaktika inspektorlari, diniy idora vakillari, ko'cha boshilari va jamoatchilik tomonidan doimiy nazorat qilinmaganligi, ayollar va xotin-qizlar masalalariga befarq qaralgani, ayrim oilalar o'rtasidagi ajrimlarga mutasaddi idoralar qonuniy yo'l bilan hal qilish ishlarini uzoq muddatga qoldirayotganligi ta'kidlab o'tildi.
Tuman hududida tungi vaqtlarda tegishli ruxsatnomalarsiz spirtli ichimlik sotayotgan tadbirkorlar, huquqbuzarlik va jinoyatlar kelib chiqishiga sabab bo'layotgan omillar mahalla faollari, hudud profilaktika inspektorlari tomonidan alohida nazoratga olinishi bo'yicha topshiriqlar berildi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati