24 May 2022 yil 414

Sherobodda «xavfsiz hudud» profilaktik-targ‘ibot tadbiri o‘tkazilmoqda

Sherobod tumanida viloyat prokuraturasi, ichki ishlar, milliy gvardiya, adliya boshqarmalari hamda viloyat sudi rahbariyati va xodimlari ishtirokida keng qamrovli tashkiliy tezkor-qidiruv hamda profilaktik-targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlar davlat rahbarining 2021 yil 29 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konseptsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda.
Dastlab, 23-24 may kunlari Sherobod tumani IIBda «Tezkor shtab» hamda 6 ta asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha «Ishchi guruh» tashkil etildi. Ushbu ishchi guruhlarning har biri uchun tegishli yo‘riqnomalar ishlab chiqildi va shu asosida amaliy harakatlarga kirishildi. Jinoyat qidiruv yo‘nalishi bo‘yicha tuman hududida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida, jinoyat sodir qilishga moyil bo‘lgan, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi JKning 164, 166, 169-moddalari bilan sudlangan shaxslarning 13 nafari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, barmoq izlari olindi. Viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tintuv-tergov tadbirlari davomida 1 nafar shaxsning xonadonida 2 tup “ko‘knor” giyohvandlik o‘simligi o‘stirayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. “To‘siq” dasturi doirasida Uzoq muddatga “o‘choqli hudud”ga chiqib ketgan va qaytib kelgan jami 20 nafar shaxs bilan diniy ekstremistik oqimlarga aloqadorligini aniqlash maqsadida so‘rovnomalar o‘tkazildi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan tadbir davomida profilaktika inspektorlari tomonidan 37 nafar muqaddam sudlangan, 13 nafar ma’muriy nazoratda turgan, 68 nafar ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan, 42 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, 17 nafar probatsiya hisobidagi, 53 nafar oilaviy janjalkash, 6 ta ajrim yoqasidagi 7 nafar ruhiy kasal va ov quroliga ega bo‘lgan 22 nafar shaxsning xonadoni tekshirildi.
Tadbir davomida aniqlangan 3 ta ov qurollari ixtiyoriy ravishda topshirildi. Viloyat IIB Jamoat xavfsizli xizmati Huquqbuzarliklar profilaktika boshqarmasi xodimlari tomonidan jamoat joylarida bozor, kafe, restoran, savdo ob’ektlari va boshqa odamlar gavjum bo‘ladigan mayishiy xizmat ko‘rsatish obe’ktlarida jamoat tartibini saqlash, obodonlashtirish qoidalariga rioya etish, voyaga yetmaganlarni nazoratsiz qoldirmaslik bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot ishlari ham olib borildi.
Sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda maktablarda voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish, sababsiz dars qoldirish, davomat va tig‘ tadbirini o‘tkazish yuzasidan o‘quvchilar bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi. Joriy yilning 4 oy yakuniga ko‘ra tuman hududida 48 ta mahallalardan 17 tasi qizil toifaga 35 tasi yashil toifaga kiritilgan.

Tuman hududida jinoyatchilikni oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni issiq izida fosh qilish borasida, tuman markazidagi aholi gavjum bo‘lgan 3 ta nuqta aniqlanib, ishchi guruh rahbari hamda tuman sektori rahbarlari bilan hamkorlikda ushbu hududlarga 3 ta zamonaviy raqamlashtirilgan kameralar o‘rnatildi.

Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha guruh xodimlari tomonidan tadbir davomida jami 160 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va 70 ta “qarzdorligi” mavjud avtomashinalar jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Tuman markazidagi “Sherobod Dehqon bozori”ga kirish joyida yo‘nalishsiz taksi xizmati bilan shug‘ullanuvchilar va boshqa transport vositalarini tartibga solish va jamoat joyida yo‘llarni kesib o‘tmaslik qoyidalariga amal qilish bo‘yicha yo‘lovchilar va haydovchilarga tushuntirishlar berildi. Keng qamrovli tashkiliy tezkor-qidiruv hamda profilaktik-targ‘ibot tadbirlari so‘ngida jamoat xavfsizligi konseptsiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech