25 Dekabr 2021 yil 502

Sherobodda, profilaktika inspektori deputatlar oldida hisobot berdi

Sherobod tumani "Buyuk ipak yo'li" mahallasida 3 ming nafarga yaqin fuqaro istiqomat qiladi. Oilalar soni 774 ta. Hududda muqaddam jinoyat sodir etib, hozirda qidiruvda bo'lgan shaxslar mavjud emas.
Profilaktika inspektori Odiljon O'roqboev 2020 yildan beri ushbu hududda jinoyatchilikni oldini olish va jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida, xizmat olib borayapti. Umuman, inspektorning o'tgan davr mobaynidagi faoliyati davomida huquqbuzarliklarning oldini olish bo'yicha qanday amaliy ishlarga qo'l urgani, mahallada tinch va osoyishtalikni ta'minlash uchun qaysi chora-tadbirlarni qo'llaganiga oydinlik kiritish maqsadida, xalq deputatlari Sherobod tuman Kengashi deputatlari huzurida eshituv tashkil qilindi. Unda O.O'roqboevning hisoboti tinglandi.
Unga ko'ra, mahallada barqaror vaziyatni ta'minlash borasida o'tkazilishi lozim bo'lgan aniq maqsadli profilaktik va tezkor-qidiruv chora tadbirlari yuzasidan yo'l xaritasi ishlab chiqildi. Hududda "jinoyat o'choq"lari ro'yxati shakllantirildi hamda ushbu joylarda kameralar o'rnatilib, tunda yoritish chiroqlari o'rnatish choralari ko'rilmoqda.
Inspektor psixologlar va tezkor xodimlar tomonidan haftada 2 marotaba, mahallada joylashgan maktab o'quvchilari orasidan guruhbozlik va jinoyat sodir etishga moyil bo'lgan hamda yetakchilikka intilayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlab, tarbiyasi og'ir bo'lgan o'quvchilarni ota-onasi va mahalla ishtirokida muhokama etib kelinmoqda. "Tig'" tadbirlari, profilaktik suhbatlar muntazam ravishda o'tkazilayotgani haqida batafsil ma'lumot berildi.
1 nafar muqaddam sudlangan IIO probatsiya hisobida turuvchi fuqaro joriy yilda ish bilan ta'minlanib, reablitasiya qilindi. 5 nafar huquqbuzarlikka moyil spirtli ichimlikka ruju qo'ygan fuqarolar ro'yxati shakllantirilib, ushbu fuqarolar yil davomida davolanish muassasalariga yotqizildi.
Ayni paytda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat xavfsizligi kontsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risidagi farmoniga asosan mahalla hududida 2022 yil 1-martga qadar patrul-post xizmatini tashkil etish choralari ko'rilmoqda.
Eshituv yig'ilishida, deputatlar profilaktika inspektori hisobotida keltirilgan ma'lumotlarni, umuman, hududda jinoyatchilikni jilovlash uchun ko'rilishi kerak bo'lgan choralarni muhokama qilishdi. Huquqbuzarliklarning bir qismi tayin bir ish joyiga ega bo'lmagan shaxslar tomonidan sodir etilayotgani hisobga olinsa, eng avvalo, ishsizlikka barham berish, aholini foydali mehnat bilan ko'proq band qilish lozimligi ta'kidlandi. Bu bo'yicha profilaktika inspektori bilan birga hududdagi tashkilotlar rahbarlari, tadbirkorlik sub'ektlari ham hamkorlikda ish olib borishlari qayd etildi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech