Sherobodda odamlar o'limi bilan bog'liq yo'l transport hodisasi sodir bo'ldi
Sherobod tumani tibbiyot birlashmasining 2021 yilning 06 may kuni bergan xabariga ko'ra, shu kuni soat 22:45 larda, tumanning "Kattabog'" mahallasi hududidan o'tgan 4-N 601 avtomobil yo'lining 6-kilometrida, tumanning "Chuyinchi" mahallasida yashovchi, 31 yoshli fuqaro P.S. boshqaruvidagi "Damas" rusumli avtomashinasini tumanning "Kattabog'-Qulluqsho" mahallasi yo'nalishida boshqarib ketayotgan vaqtida o'zining yo'nalishi bo'ylab, yo'lning o'ng tomon chekkasidan harakatlanib ketayotgan piyodalar, tumanning "Kattabog'" mahallasida yashovchi, S.A., Yu.O. va N.A.larni orqa tomonidan avtomashinaning old o'ng tomoni bilan urib, yo'l transport hodisasi sodir etishi natijasida, hayoti yoki sog'lig'i xavf ostida qolgan turli darajadagi tan jarohatlari olgan piyodalarga yordam ko'rsatmasdan qasddan voqea joyidan yashiringan.
Sodir etilgan yo'l transport hodisasi natijasida, piyodalar S.A., Yu.O. va N.A.lar turli darajadagi tan jarohatlari olishib, tibbiyot birlashmasiga murojaat qilishgan.
Ko'rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan S.A. va yu.O.lar shifoxonada vafot etishgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman bo'yicha "to'sib ushlash" rejasi amalga oshirilib, ko'rilgan choralar natijasida, haydovchi P.S. qo'lga olingan. "Damas" haydovchisi P.S. Transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarsiz, boshqarib voqea joyidan yashiringanligi aniqlangan.
Sherobod tumani IIB huzuridagi tergov bo'linmasi tomonidan haydovchi P.S.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi "a" bandi va 117-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, O'zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati