Sherobodda 12 nafar ehtiyojmand oila farzandlarining sunnat to‘ylari o‘tkazildi
Sherobod tumanidagi 3-sektor hududida 12 ta mahalla mavjud. Mustaqilligimizning 31 yillik shodiyonalari arafasida tuman hokimligi hamda 3-sektor rahbari tashabbusi bilan mazkur mahallalarning har biridan xatlov natijasida eng ehtiyojmand oilalar aniqlanib, ularning 12 nafar farzandlariga sunnat to‘ylari o‘tkazib berildi.
Bugun 24 avgust kuni erta tongdan to‘y bolalar dastlab 3-sektor rahbari, tuman IIB boshlig‘i O‘.Shukurov boshchiligida Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziy ziyoratgohida bo‘lishdi. Shundan so‘ng tumanimizdagi “Baxtbek” to‘yxonasida ular katta tantanalar bilan kutib olindi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar to‘y bolalarni tabriklab, ularga yaxshi tilaklar bildirishdi.
Shuningdek, to‘y bolalarga hamda ularning ota-onalariga tashabbuskorlar tomonidan sovg‘a-salomlar va Tabriknomalar topshirildi. Chiroyli dasturxon atrofida yig‘ilgan to‘y bolalarning yaqinlari esa sho‘x kuy-qo‘shiqlarga yayrab raqsga tushishdi.
Shuningdek, tadbir davomida Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida yoshlar o‘rtasida sportning dzyudo turi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida o‘z vazni toifasida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Sherobod tumanining “Qishloqbozor” mahallasida istiqomat qiluvchi Asadbek Mirsaidov, qolaversa, bugungi tadbirni tashkil etishda alohida mehnat qilgan faollar ham munosib taqdirlandi.
O‘zbek xalqi hamisha o‘zining saxovatpeshaligi bilan namuna ko‘rsatib keladi. Ehtiyojmand oila vakillariga ko‘rsatilgan bunday e’tibor ham xalqimizning eng ezgu fazilatlaridan bo‘lmish bag‘rikenglik, saxiylik kabi fazilatlarini va albatta “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan ustuvor g‘oyani o‘zida mujassam etdi desak yanglishmaymiz.