Sherobod tumani IIB Probatsiya bo'limi nazorati ostida turgan shaxslar ishtirokida, tuman Ichki ishlar bo'limi boshlig'i kubogi uchun sport musobaqalari o'tkazildi.
Kuni kecha, Sherobod tumanining 3-sektor hududi "Cho'yinchi" mahallasida joylashgan yangi sport majmuasida, tuman ichki ishlar bo'limi hamda tuman bolalar va o'smirlar sport maktabi bilan hamkorlikda Probatsiya bo'limi nazorati ostida turgan erkaklar o'rtasida sportning mini-futbol, arqon-tortish, tosh-ko'tarish hamda ayollar o'rtasida esa shaxmat-shashka, stol-tennis turlari bo'yicha musobaqa tashkil etildi.
Tashkil qilingan ushbu musobaqada, 45 nafardan ortiq nazorat ostidagi shaxslar ishtirok etdi. Musobaqa ko'tarinki ruxda o'tib, jamoalar o'rtasida birinchi, ikkinchi va uchinchi o'rinlar uchun qizg'in kurash olib borildi.
Musobaqa yakunida, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Probatsiya bo'limi boshlig'i podpolkovnik Sh.J.Sattarov, tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i podpolkovnik O'.R.Shukurov, tuman ichki ishlar organlari probatsiya guruhi katta inspektori mayor A.A.Jo'raev va boshqa mas'ullar g'olib bo'lgan jamoalarga tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'ining kubogi va I-II-III darajali diplomi va esdalik sovg'alarini tantanali ravishda topshirishdi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati