Semizlikning organizmga salbiy ta’siri.
SEMIZLIK Semizlik - organizmda yog‘ to‘qimasining ortiqcha yig‘ilishi bo‘lib, u alohida (mustaqil) kasallik yoki surunkali qaytalanib turuvchi kasallik va patologik sindrom bo‘lib kechishi mumkin. Butun jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ) ma’lumotlariga ko‘ra sayyoramizning 30% aholisi ortiqcha tana vazniga ega. Semizlik sivilizatsiyaning kasalliklaridan biri hisoblanadi. Semizlik organizmda yog‘ to‘qimasining ortiqcha yig‘ilishi bilan xarakterlanib (erkaklarda 20% dan ko‘p, ayollarda tana vaznining 25% dan ortig‘i, tana vazni indeksi 25-30 kg/ m2 dan ortiqni tashkil etadi).
Ortiqcha vaznga ega bo‘lgan insonlarda, 40 yoshdan so‘ng organizmda modda almashinuvi jarayonlarining buzilishi bilan kechadigan bir qator og‘ir kasalliklar paydo bo‘ladi. Semizlikka mubtalo bo‘lganlar o‘rtasida qon tomirlari aterosklerozi 2 marta, qon bosimi oshishi 3 marta, qandli diabet kasalligi 4 marta, o‘t-tosh kasalligi 6 marta, venalar varikoz kengayishi 2-3 marta ko‘p uchrashi aniqlangan.
Semizlikni davolash uchun tarkibida yog‘lar va uglevod miqdori kamaytirilgan parhez taomlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Bunday ovqatlar tarkibida oqsil va vitaminlar yetarli bo‘lishi lozim. Parhez taom tarkibida asosan meva-sabzavotlardan: karam, sabzi, lavlagi, oshqovoq, sholg‘om kabilar bo‘lishi lozim. Shu bilan bir qatorda jismoniy faol bo‘lish, yoshiga va jinsiga mos badantarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish ham semirib ketishning oldini olishda juda muhim ahamiyatga ega. Kamharakatlik, muttasil ravishda asabning zo‘riqib ishlashi, surunkali charchash, organizm faoliyatining buzilishiga, mehnat qobiliyatining pasayishiga, barvaqt qarishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari kamharakatlik oqibatida organizmdagi harakat bilan chambarchas bog‘liq a’zolar-bo‘g‘imlar, mushaklar va hatto suyaklar gipotrofiyasi vujudga kelib, bu esa o‘z navbatida butun tananing sekin asta “zanglab” borishi va turli xastaliklarning rivojlanishiga olib keladi.
Jismoniy mashg‘ulotlar tufayligina, organizmda majburiy kislorod tanqisligi yuzaga keltiriladi va organizmning barcha tizimlari, a’zolarini vujudga kelgan bunday vaziyatdan chiqish uchun zo‘riqib ishlashga – chiniqishga majbur qilinadi. Semirishning oldini olish hamda davolashning birdan-bir yo‘li bir tomondan energetik qiymati va tarkibi jihatidan organizm ehtiyojiga mos va ratsional ovqatlanish bo‘lsa, ikkinchi tomondan mehnat qila bilish va dam ola bilish san’atidir. Jismoniy faollikning oddiy usullari Organizmni jismoniy sog‘lomlashtirish usullari turli tuman bo‘lib, har bir shaxs o‘z imkoniyatlaridan va intilishidan kelib chiqqan holda, o‘zi uchun qulay bo‘lgan turlarini tanlab olishi va muntazam ravishda shug‘ullanishi talab qilinadi.