Sayyor uchrashuv Angor tumanida ham o'tkazildi
Vohada ham har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida "yoshlar daftari" va "ayollar daftari" shakllantirilgan bo'lib, unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo'llab-quvvatlashga, bilim va kasb o'rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo'lgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritildi. Xo'p, ro'yxat tuzildi, ko'mak va qo'llab-quvvatlovga ehtiyoji yuqori bo'lganlar aniqlandi. Endi ular bilan birma-bir muloqot qilish, kerak bo'lsa, yashash xonadoniga borib, sharoiti bilan tanishib, ularning muammolariga echim topish masalasi ko'ndalang turibdi. 3-sektor rahbarining Angor tumanidagi o'tkazgan sayyor uchrashuvlarida ham ayni shu masalalarga e'tibor qaratildi.
Tumandagi "yangi turmush" mahallasida o'tgan uchrashuvda
yoshlar va ayollarni kasbga qiziqtirish maqsadida mas'ul mutaxassislar, hunarmandlar va yosh tadbirkorlar tomonidan kasb-hunarga o'rgatish, tadbirkorlikka jalb qilish va boshqa yo'nalishlar bo'yicha tushunchalar berildi.
Uchrashuv davomida jami 63 ta murojaat kelib tushdi.
Jumladan, uy-joy va er ajratish bo'yicha 2 ta, imtiyozli kredit olish masalasida 24 ta, ish bilan ta'minlash masalasida 16 ta, moddiy yordam so'rab 2 ta, sog'lig'ini tiklash bo'yicha 4 ta va yana suyultirilgan gaz balloni, elektr ta'minoti, subsidiya ajratish kabi masalalarda murojaat qilindi.
Ulardan 4 tasi joyida ijobiy hal etildi. Xusasan, 4 nafar fuqaro ish bilan ta'minlandi.
Yangi turmush mahallasi "Markaz" ko'chasidagi 1,5 km masofaga tosh (shag'al) to'kib berildi va shu mahallada istiqomat qilayotgan 48 nafar fuqaro tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.
Qo'shimcha o'rganish talab qiladigan 60 ta murojaat esa nazoratga olindi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati