Respublika ishchi guruhi aholi bilan yuzma-yuz uchrashmoqda
Albatta, yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolarning barchasini bir kunda yoki bir martalik qabullar davomida hal etib bo'lmaydi. Respublika miqyosidagi rahbarlarning joylarga chiqib aholi bilan yuzma-yuz uchrashishlari, ularni qiynayotgan ko'p yillik muammolarning echimini topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir necha yildirki, Odilbek Hakimov hamda Ishimov Shahzodlar ichki ishlar tizimida xizmat qilishni niyat qilardi. Samimiy tarzda o'tgan muloqot davomida uning murojaati O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o'rinbosari hamda mutasaddi rahbarlar tomonidan tinglandi va shu erning o'zida profilaktika inspektori yordamchisi etib, ishga qabul qilinishi to'g'risida qaror qilindi.
O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o'rinbosari, hamda mutasaddilar ishtirokida Termiz shahri va qo'shni tumanlardan kelgan fuqarolarning turli masalalardagi murojaatlari atroflicha o'rganildi. Shuningdek, mazkur qabul davomida minnatdorlik bildirganlar ham bo'ldi. Xususan, 1992 yildan buyon O'zbekistonda yashab fuqaroligi bo'lmagan Jamila Abdullaeva bundan bir oz muddat avval "O'zbekiston Respublikasi fuqarosi"- degan, sharafli nomga sazovor bo'lgandi. Kuni kecha uning farzandiga ham xuddi shunday ID karta berildi.
Taqdirning beshavqat sinovlari tufayli qarovsiz qolgan, ota-onasidan bevaqt ajralgan bolalar tarbiyasini davlatimiz o'z nazoratiga olgan. Shu kunning o'zida Respublika ichki ishlar vaziri o'rinbosari ishtirokida Termiz shahridagi Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan ana shunday mehrga muhtoj o'g'il-qizlarning 4 nafariga ID kartalar berildi. O'z navbatida bu o'smir yoshlar O'zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo'lish katta sharaf ekanligi, ushbu hujjat fuqarolarning o'z Vatani, xalqi taqdiriga daxldorligining o'ziga xos ifodasi ekanligini Sevinch bilan e'tirof etishdi.
Shu kunning o'zida, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o'rinbosariga 33 ta masala bo'yicha murojaat qildi. Ularning 3 tasi joyida hal etildi, qo'shimcha o'rganish talab etilgan 30 tasining ko'rib chiqilishi nazoratga olindi. Qabul davomida viloyat aholisi uchun dolzarb bo'lgan muammolar o'rganib chiqilib, respublika darajasida hal etiladigan masalalarga echim topish yuzasidan takliflar tayyorlandi.
Surxondaryo viloyati hududida, Respublika miqyosidagi rahbarlarning joylarga chiqib aholi bilan yuzma-yuz uchrashuvlari davom etmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati