Sho‘rchi tumanida Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i rahbarligida Prezidentimizning joriy yil 3 yanvar kunidagi PQ-1-sonli Qarorlari ijrosi, tumandagi kriminogen vaziyat tanqidiy muhokama qilindi hamda og‘ir mahallalar o‘rganildi.
Bugun Sho‘rchi tuman hokimligi binosida Prezidentimizning joriy yil 3 yanvar kunidagi PQ-1-sonli Qarorlari ijrosi bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar, tumandagi kriminogen vaziyat, sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar muhokamasiga bag‘ishlangan tanqidiy ruhdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Timur Ismailov huzurida
o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida, tuman hokimi, prokurori, mahalla yettiliklari, nuroniylar, mahalla faollari va boshqa mutasaddi
tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilish davomida, viloyat mas’ullari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish
bo‘yicha olib borilgan ishlari va boshqa kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib
kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shundan so‘ng, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tumandagi qizil toifa sirasiga kiritilgan “Bobur” mahalla fuqarolar yig‘inida, mahalla yettiligi a’zolari bilan yaqindan muloqot qilib, mazkur hududning kriminogen vaziyatini yaxshilash, jinoyatdan holi mahallaga aylantirish borasidagi ishlar bilan tanishdi. Mahalla hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibi, fuqarolar va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.