Rasmiy munosabat: "Muzrabot tumanida joylashgan to'yxonalarning birida... katta janjal yuzaga kelgani aytilmoqda..."sarlavhasi ostidagi videolavha yuzasidan
Ijtimoiy tarmoqlarda "1-sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining, Muzrabot tumanida joylashgan to'yxonalarning birida quda tomondan kelgan bolalar bilan kuyov tomondagilar o'rtasida katta janjal yuzaga kelgani aytilmoqda" sarlavhasi ostidagi videolavha yuzasidan, Muzrabot tumani ichki ishlar bo'limi mas'ul xodimlari tomonidan o'rganish ishlari olib borilganida quyidagilar ma'lum bo'ldi.
2021 yil 1 sentyabr kuni soat taxminan 13-30 larda, Muzrabot tuman "Do'stlik" mahallasida joylashgan "Оrg'ul" to'yxonasida, R.Ilxom, Q.O'ktam, A.Abdusamad va boshqalar bir guruh bo'lib, fuqaro D.Akromjonni hech bir sababsiz, urib-tepib bir birlariga tan jarohati etkazishgan.
Natijada fuqaro D.Akromjon tan jarohati olib, Muzrabot tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiyot bo'limiga yotqizilgan.
Muzrabot tuman sud-tibbiy ekspertizasi bo'limining 2021 yil 6 sentyabr kunidagi xulosasiga ko'ra, fuqaro D.Akromjon hamda fuqaro A.Abdusamadlarning olgan tan jarohatlari "engil" tan jarohati deb baholangan.
2021 yil 6 sentyabr kuni Muzrabot tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan fuqaro D.Akromjonga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan, fuqarolar R.Ilxom, Q.O'ktam, A.Abdusamad va boshqalarga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Mazkur holat yuzasidan, Muzrabot tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, kelgusida qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati