RASMIY MUNOSABAT: Jarqo'rg'on tumani Mingchinor mahallasi
Jarqo'rg'on tumani Mingchinor mahallasida yashovchi fuqaro Djumaev Komil Musurmonqulovichning Jarqo'rg'on tuman IIB xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo'lib ijtimoiy tarmoqlarning "YouTube" kanalidagi "JAMOATCHILIK NAZORATI" foydalanuvchisi tomonidan "bu tadbirkorga nega bosim bo'lmoqda??? TEZDA KO'RING JUDA AYANCHLI XOLAT."sarlavhasi ostida tarqatgan video murojaati yuzasidan.
Mazkur video murojaatni Jarqo'rg'on tumani IIB mas'ul xodimlari tomonidan o'rganilganida quyidagilar aniqlangan.
2020 yil 17 sentyabr kuni Jarqo'rg'on tumani Mingchinor mahallasida yashovchi fuqaro Djumaev Komil Musurmonqulovich profilaktika inspektoriga qo'ng'iroq qilib o'ziga tanish bo'lgan "Yashka" ismli shaxsni turmush o'rtog'i, "Ali" ismli o'g'li va "Munavvar" ismli ishchisi bilan birga uyiga kelib, unga nisbatan bosqinchilik qilib, o'ziga tegishli bo'lgan "Redmi" rusumli qo'l telefon apparatini olib ketganini, shu sababli ushbu telefonini olib berishni so'rab murojaat qilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan profilaktika inspektori katta leytenant M.Kenjaev tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida "Yashka" ismli fuqaroning o'g'li Muxammadali Sharapov o'zining ko'rsatmasida fuqaro K.Djumaevning telefon apparati unda ekanligini, uning telefonini tortib olmaganini, aksincha fuqaro K.Djumaevning o'zi uning onasiga ulardan mavjud bo'lgan qarzi evaziga garov sifatida berganligini ma'lum qilgan.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilganida quyidagilar ma'lum bo'lgan:
Tumanning "Mingchinor" mahallasida yashovchi fuqaro K.Djumaev tumanning "Do'stlik" mahallasida joylashgan "Rahmatullo" oshxonasiga borib, bir necha marotaba qarzga ovqatlanib, qarzini tomarqasida etishtirayotgan bulg'or qalampiri etishib chiqqan zahoti berishini aytib kelgan. Oradan bir qancha muddat o'tsa ham fuqaro K.Djumaev qarzini to'lamasdan, turli bohonalarni ro'kach qilib kelgan. Shu sababli mazkur oshxona boshlig'i Asror Sharapovning o'zi bilan oshxonada birga ishlaydigan turmush o'rtog'i Dilbar Sharapova va mazkur oshxona ishchisi Munavvar Samadova bilan birga o'g'li M.Sharapovning Matiz rusumli 75G507SA davlat raqamli avtomashinasida 2020 yil 17 sentyabr kuni K.Djumaevning yashash xonadoniga qarzini so'rash va qaytarib bermasa IIOga murojat qilmoqchiligini aytmoqchi bo'lib borganlarida, xonadonida uning o'zi yo'qligi sababli, uning turmush o'rtog'i Qodirova Gulnoza Abdullaevna bilan gaplashib, holatni tushintirmoqchi bo'lganida g.Qodirova D.Sharapova bilan o'zaro og'zaki tortishib qolishganligi va bir-birlarini haqorat qilishganligi, g.Qodirova turmush o'rtog'i K.Djumaevni telefon qilib chaqirganida K.Djumaev xonadoniga kirib kelishi bilan uyiga kelganlarni haqorat qilib ketganligi, shundan so'ng, D.Sharapova va M.Sharapov K.Djumaevga uning ustidan yozgan shikoyat arizasini ko'rsatib, "sendan yomonlik ko'rmaganmiz, seni uyingga janjal qilgani kelmaganmiz, lekin qarzingni bermasang, tuman IIBga murojaat qilishga majbur bo'lamiz, shu sababli oldingdan o'tgani keldik" deb gaplashishganligi va uyidan chiqib ketayoganida K.Djumaev ularning orqasidan borib, "opa tez kunlarda qarzimni beraman, iltimos IIBga murojaat qilmang" deganida D.Sharapova unga ishonmasligini aytganligini, shunda K.Djumaev "opa agar ishonmasangiz, mana telefonimni garov sifatida oling, qarzimni ikki kun ichida to'lab, keyin telefonni olib ketaman" deb telefon apparatini berib yuborganligi aniqlangan.
2020 yilning 18 sentyabr kuni holat bo'yicha tuman IIB xodimlari tomonidan tumanning Do'stlik mahallasida joylashgan "Raxmatulla" kafesiga borilib A.Sharapov (Yashka)ga K.Djumaevning telefon apparatini qaytarish lozimligini, oralaridagi oldi-berdi masalasini fuqarolik sudi orqali hal qilinishi tushintirilib, A.Sharapovdan K.Djumaevning qo'l telefon apparatini tegishli tartibda olib, fuqaro K.Djumaevga bergan va K.Djumaev telefon apparatini qo'liga olgach tuman IIB xodimlariga o'z minnatdorligini bildirgan.
Shundan so'ng, 19 sentyabr kuni K.Djumaev viloyat IIB navbatchilik qismiga qo'ng'iroq qilib "meni telefon apparatimni olib ketgan shaxslarni nega javobgar qilmayabsilar meni murojaatimni ko'rib chiqinglar meni telefonimni olib ketganlar ichidagi narsalarini o'chirib yuborgan shu sababli ularga nisbatan qonuniy chora ko'rishlaringizni so'rayman" deb murojaat qilgan va ushbu murojaat tuman IIB navbatchilik qismidagi shakl-2 kitobiga №1234-raqami bilan qayd qilinib, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o'tkazish hududiy profilaktika inspektori katta leytenant M.Kenjaevga yuklatilgan.
M.Kenjaev tmonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, fuqarolar D.Sharopova va g.Qodirovalarning harakatlarida O'zR MJTKning 41-moddasi hamda fuqaro K.M.Djumaevning harakatlarida MJTKning 40 va 41-moddalarida ko'rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi uchun to'plangan hujjatlar 2020 yil 22 sentyabr kuni 26/660-raqamli chiqim xati bilan qonuniy to'xtamga kelishlik uchun ma'muriy ishlar bo'yicha Jarqo'rg'on tuman sudiga yuborilgan.
Holat yuzasidan ko'shimcha surishtirish ishlari olib borilganida fuqaro K.M.Djumaev ilgari ham bir necha marotaba turli huquqbuzarlik sodir etganligi uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilganligi ma'lum bo'lgan.
Jumladan, K.Djumaev 2018 yilning 27 aprel kuni Jinoyat ishlari bo'yicha Jarqo'rg'on tuman sudi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan sudlanib, 57-moddasi qo'llanilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Shuningdek, 2019 yilning 16 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo'yicha Sho'rchi tuman sudi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan sudlanib, 2 yil muddatga ahloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.
Bundan tashqari, 2018 yilning 19 iyun kuni va 2019 yilning 25 fevral kuni Jarqo'rg'on tuman ma'muriy sudi tomonidan O'zbekiston Respublikasi MJTKning 41-moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilganligi aniqlangan.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati