Rasmiy munosabat; avval xabar qilganimizdek, ijtimoiy tarmoqlarda "Surxondaryo viloyatida yangi "vorzakon" paydo bo'ldi" sarlavhasi ostidagi videolavha yuzasidan, Muzrabot tumani ichki ishlar bo'limi mas'ul xodimlari tomonidan o'rganish ishlari olib borilganida quyidagilar aniqlandi.
2021 yil 26 aprel kuni kunduzi soat 16:30lar atrofida 1981 yilda Muzrabot tumanida tug'ilgan, muqaddam O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan besh marotaba, 277-moddasi bilan 1 marotaba, Rossiya Federasiyasi Jinoyat kodeksining 162-moddasi (bosqinchilik) bilan bir marotaba sudlangan, vaqtincha ishsiz, Muzrabot tumani "yangi hayot" mahallasida yashovchi fuqaro M.Abduraxim tuman IIB binosiga mast holda kelib, sababsiz baqir-chaqir qilib, tuman IIB xodimlari uni tinchlantirishga urinishiga qaramasdan, muqaddam sudlanganligi sababli zarurat tug'ilgan vaqtda tuman IIBga profilaktik suhbatga chaqirtirilayotganligidan norozi ekanligini bildirib, yonida bo'lgan bir marotabalik soqol olish uchun mo'ljallangan olmos (lezviya) bo'lagi bilan o'zining tana qismini bir necha joyidan tilib o'ziga tan jaroxati etkazgan. Shu sababli tuman IIB TB NQ katta inspektori uning yoniga borib qo'lidagi olmosini topshirishini so'rab, olmosni olmoqchi bo'lganida M.Abduraxim olmosni bo'yin qismiga olib kelib "yaqinlashsalaring tomirimni kesaman!"-deb, baqir-chaqirni davom ettirgan. Shundan so'ng M.Abduraxim bilan tushuntirish ishlari davom ettirilishi natijasida qo'lidagi olmosini otib yuborgan va tez tibbiy yordam chaqirtirilib, unga tez tibbiy yordam ko'rsatilgan.
Holat yuzasidan shu vaqtning o'zida Muzrabot tuman prokuraturasiga xabar qilingan. Mazkur holat ushbu kuni tuman IIB TB NQ katta inspektori tomonidan tuman IIBning shakl-2 kitobiga rasmiylashtirilgan. Fuqaro M.Abduraxim hushyor holga kelgach undan holat yuzasidan tushuntirish xati olinganida, qilgan ishidan pushaymonligini, pivo ichib mast holatda bo'lganligi sababli o'zining hatti-harakatlarini boshqara olmaganligini ma'lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB HPB profilaktika inspektori tomonidan 2021 yil 5 may kuni O'zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo'zg'atishdan rad etilganligi ma'lum bo'ldi
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati