9 Iyun 2020 yil 1192

Rahbar kadrlarni tayyorlashning yangi modellari

Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida O'zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetida vohadan tahsil olayotgan bitiruvchi tinglovchilar hamda joriy o'quv yili uchun tinglovchilikka nomzodlar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti boshlig'i, polkovnik M.Ziyodullaev, viloyat IIB boshlig'ining birinchi o'rinbosari, polkovnik Sh.Bo'ronovlar mamlakatimiz ichki ishlar organlarida keyingi yillarda kadrlar bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr yuritdi.

Prezidentimizning 2017 yil 16 avgustdagi "ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo'lmoqda.

O'tgan yillarda mazkur fakultetda 850 dan ortiq rahbar kadrlar tayyorlandi. Ayni paytda bu dargohda ta'lim olib, rahbarlik mahoratini oshirgan ko'plab kadrlar davlat boshqaruvi, sud, milliy gvardiya kabi tizimlarda samarali xizmat qilmoqda.

Tuman, shahar va boshqa yuqori tizimlar uchun universal etuk kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan o'quv maskanida tinglovchilar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Darslar zamonaviy o'quv modeli asosida innovasion usulda olib boriladi. Jismoniy shayligi, maxsus taktik tayyorgarligi oshiriladi. Nazariy bilimlarini amaliyotda qo'llash keng joriy etilgan. O'quv davrida tinglovchilarning qanday lavozimga tayinlanishi o'rganilib, tegishli tavsiyalar berish, rahbar kadrlar zaxirasiga kiritish yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, tinglovchilar bir yil davomida poytaxtdagi mahallalarga biriktirilib, ularga amaliy yordam ko'rsatadi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar IIV tizimida kadrlarni maqsadli tayyorlash va joy-joyiga qo'yishda muhim o'rin tutmoqda.

–So'nggi yillarda bu erda ta'lim olib kelgan xodimlarimizning aksariyati rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda, – deydi viloyat IIB kadrlar boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari, mayor M.Bozorov. – Chunki, o'quv dargohiga shaxsiy tarkibni o'z ortidan ergashtirish qobiliyatiga ega chuqur bilimli xodimlarni saralab olish yo'lga qo'yilgan. O'qishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqichdagi konkurs-imtihonda eng yuqori ball to'plagan nomzodlar tinglovchilar safiga qabul qilinadi. Dastlabki saralash bosqichi joylardagi ichki ishlar organlarida bo'lib o'tadi. Bu yil ham vohada yigirmadan ortiq nomzod rahbar kadr bo'lib etishish uchun o'qish istagi borligini ma'lum qilgan.

Uchrashuvda ta'lim muassasasi faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, nomzodlarga qo'yiladigan talablar, qabul tartiblari, ta'lim jarayoni va o'quv dasturlari xususida so'z yuritildi. Yangi o'quv yili uchun tinglovchilikka nomzodlar bilan suhbat o'tkazilib, tuman IIBlarida bu yilgi amaliyot mashg'ulotlarini o'tayotgan bitiruvchilarning o'qish jarayonini yanada rivojlantirish bo'yicha taklif va tavsiyalari tinglandi.

http://uza.uz/oz/society/ra-bar-kadrlarni-tayyerlashning-yangi-modellari-06-06-2020

Text to speech