O'qish orzusidagi fuqaro firibgar tuzog'iga tushdi
Denov tumanida yashovchi, H.O. 2020 yilning noyabr oyida mahalladoshi yu.R.dan o'g'li M.D.ni Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida joylashgan "sottim Ulug'zoda" universitetiga o'qishga kiritib qo'yishni va'da qilib, 400 (to'rt yuz) AQSh dollari va 7 000 000 (etti million) so'm pullarini olib, o'zlashtirib ketganligi holati yuzasidan 2021 yilning 6 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Ishonmagin do'stinga somon tiqar po'stinga, deganlaridek, H.O.ning bir olam yolg'onlariga ishonib, o'z farzandini noqonuniy "Oliy ma'lumotli" qilish istagida bo'lgan yu.R. bugungi kunda firibgarning tuzog'iga tushib qolganligidan ming bir afsusda bo'lsa neajab.
Shu sababli o'zgalarning mol mulkini firib yo'li bilan o'zlashtirish istagida bo'lgan firibgarlarning bir olam yolg'on va'dalariga ishonib, o'z farzandini oliy ma'lumotli qilish orzusida bo'lgan yu.R. ning ahvoliga tushib qolishdan ogoh bo'ling!
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati