Oltinsoy tumanida 3-sektor rahbarlari sayyor qabul o‘tkazdi
Joriy yilning 3 avgust kuni Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Iqboliddin Ketmonov, Oltinsoy tuman IIB boshlig‘i, podpolkovnik Odiljon Jiyanov Oltinsoy tumanining 3-sektor hududidagi “Ipoq” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bilan sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabul davomida tumanning “Ipoq” mahallasida yashovchi Nigora Zamonova kasbi tikuvchi ekanligi, tikuv mashinasiga ehtiyoji borligi xususida murojaat etdi. Murojaatchining muammosi sektor rahbari tomonidan hal qilinadigan bo‘ldi. Shuningdek, sayyor qabulda tumanning 3-sektorga qarashli “Pahlavon” mahallasida yashovchi fuqaro Bozor Omonqulov “Denov-Pahlavon” yo‘nalishida qatnaydigan avtobus yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish, Tog‘ay Murod nomli mahalla fuqarosi Shamsiddin Abdurayimov qishloq aholisi ehtiyoji uchun zarur transformator bilan ta’minlash, Dug‘oba MFY fuqarosi Akrom Primqulov simyog‘ochlar eskirib qolganligi sababli ularni yangisiga almashtirish, Jobu-1 mahallasidan Gulbahor Rajabova qishloqda ichimlik suvi yo‘qligi, “Ipoq” MFY fuqarosi Sohibnazar Olloqulov qizi Hulkarni bog‘chada ko‘p yildan buyon yarim shtatda ishlab kelayotganligi sababli to‘liq shtat ajratilishi masalasida murojaat qilishdi va o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolarni hal qilishda ko‘mak so‘rashdi. Fuqarolarning turli masalalar yuzasidan qilgan murojaatlari Surxondaryo viloyati 3-sektor a’zolari, hamda Oltinsoy tuman mutasaddi idoralari, sektor rahbarlari ishtirokida birma-bir ko‘rib chiqildi.
Qabul davomida 5 nafar fuqarolarga ID kartalari topshirildi, “Ipoq” mahallasida yashovchi ko‘makka muhtoj fuqaro G‘ayrat Aliqulovga homiylik yordami sifatida 600 ming so‘m, shu mahallalik Zuhra Ibragimovaga kredit to‘lovi uchun yordam tariqasida bir million so‘m kredit qarzdorligi to‘lab berildi. Ko‘rib chiqilgan 19 ta murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilib, qo‘shimcha o‘rganishni talab qilganlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda tushuntirish berilib, ijrosi yuzasidan mutasaddilarga manzilli ko‘rsatmalar berildi.
Sayyor qabulda Oltinsoy tumani hokimining birinchi o‘rinbosari I.Babakulov, hokim o‘rinbosarlari X.Qosimov, M.Xidirovalar qatnashdi.