5 Dekabr 2023 yil 10573

OIV/OITS (SPID)siz yashash o‘z qo‘lingda.

OIV infeksiyasi bugungi kunda Butun Jaxon Sog‘liqni saqlash tashkiloti oldida turgan dolzarb muammolardan biriga aylangan. Bugungi kunda dunyoda OIV infeksiyasidan aziyat chekayotgan 41 millionga yaqin bemor bor. Ular soni yiliga o‘rtacha 1,5 million nafarga ko‘paymoqda. Eng yomoni, xastalik har yili 600 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin bo‘lyapti. Umuman, Yer yuzida OITS epidemiyasi boshlangandan buyon 74 million odam ushbu dardga chalinib, 33 million nafardan ortig‘i vafot etgan. Tahlillarga ko‘ra, infeksiya 75 foizdan ortiq holatlarda 25-49 yoshli kishilar o‘rtasida uchramoqda. Shu jumladan yurtimizda yashayotgan insonlar orasida  2023 yil 1 noyabr kuni holatiga ko‘ra 49204 nafar, viloyatimiz aholisi orasida 2480 nafar OIV infeksiyasini yuqtirib olganlar aniqlangan. 

Bugungi kunda OIV infeksiyasi yer yuzining barcha mamlakatlariga tarqalgan, shu jumladan O‘zbekistonda ham bu kasallik 1987 yildan boshlab, dastlab xorijlik fuqarolar orasida keyinchalik mahalliy aholi qayd qilindi. Hozirgi kunda respublikamizning 25 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan aholisida  kasallanish holatlari ko‘proq aniqlanmoqda. Bu kasallik bilan xozirgi kunda erkaklar 53.3%, ayollar esa 46.7 % kasallanmoqda, bundan ko‘rinib turibdiki erkak va ayollar o‘rtasida teng tarqalmoqda. Mamlakatimizda bu kasallikning epidemik tarqalib ketishining oldini olish maqsadida respublika miqiyosida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda, jumladan, bu borada ishlar “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (23.09.2013y №353), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20-yanvardagi PQ-14-sonli Qarori va Vazirlar Maxkamasining 21.02. 2022 yildagi 84-sonli Qarori “O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasining tarqalishiga qarshi o‘tkazilayotgan tadbirlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar haqida”gi  ishlab chiqildi, bu Qonun va Qarorlar nafaqat tibbiyot xodimlari, balki jamiyatimizning boshqa soha vakillariga ham ma’suliyatli vazifalarni yuklaydi hamda respublikamiz aholisi, xususan yosh avlod salomatligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishga chorlaydi. Shunday ekan OIV/OITS kasalligi nima degan savol tug‘iladi.   

OIV(VICh)-odam organizmidagi immunitet tanqisligini keltirib chiqaruvchi virus. Asosan odamning immunitet (kasalliklarga qarshi ximoya) tizimiga ta’sir qiladi.

OIV infeksiyasi-inson organizmiga tushgan virus keltirib chiqaradigan kasallik. Bu davrda inson virus tashuvchi xisoblanadi. OIVni yuqtirganlar-odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirib yashab yurgan shaxslar.

OITS(SPID)-ortirilgan immunitet tanqisligi sindromi u OIV infeksiyasining yakuniy bosqichi bo‘lib, bu davrda inson organizmi har qanday kasallikka bardosh berish xususiyatini yo‘qotadi.

OIVning kelib chiqishi to‘g‘risida 3 ta nazariya mavjud.

-Bu virus yangi bo‘lib, evolyusiya yo‘li bilan simiyan maymunlaridan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi.

- Bir gurux olimlar esa bu virus inson organizmida avvaldan mavjud bo‘lgan va kasallik yengil shaklda o‘tgan, keyingi yillarda virus mutatsiyaga uchragan deb hisoblashadi. Bunday nazariya tarafdorlari 1968 yilda vafot etgan Sent Luis shahridagi bir besoqolbozning muzlatib qo‘yilgan to‘qimalari namunalarida ushbu virusning bir turi aniqlanganligi sabab qilinadi.

- Uchunchi gurux olimlar esa, «virus tahlilxonalarda, gen injeneriya usulida olimlar tomonidan bakteriologik qurol sifatida sun’iy yaratilgan» degan fikrdadir.

         Kasallikning klinik kechishi boshqa yuqumli kasalliklardagi singari, bir necha davrlarga bo‘linadi. Kasallikning yashirin davri-bu davr OIV infeksiyasini yuqtirib olgandan keyin hech qanday klinik belgilarsiz 5-6 oy, hatto 5-15 yilgacha davom etishi mumkin bu holat inson organizmining immun tizimi chidamliligiga bog‘liq, bu davr epidemiologik jihatdan eng xavfli bo‘lib, chunki OIV bilan zararlangan odam muayyan vaqtgacha virus ta’sirini sezmaydi va kasallikni o‘zi bilmagan holda boshqalarga yuqtirib yuraveradi. Yashirin davr o‘tgandan so‘ng inson organizmida virus o‘zining ta’sir kuchini ko‘rsatadi, kasallikning dastlabki klinik ko‘rinishi grippga xos belgilar bilan kechadi. Bunda kamquvvatlilik, ishtahaning pasayishi, ko‘p terlash, tana xaroratining ko‘tarilishi, limfa bezlari, jigar, taloqning kattalashuvi kuzatiladi.Bo‘g‘inlarda og‘riq, bemor terisida har xil toshmalar paydo bo‘ladi, yo‘tal, sababsiz ich ketishi boshlanadi va bu hol o‘zoq davom etishi mumkin.Bemor turli kasalliklarga beriluvchan bo‘lib qoladi va bu holat tez-tez qaytalanib turadi.

 Kasallik asosan 3 xil yo‘l bilan yuqadi.

1. Jinsiy aloqa yo‘li-tartibsiz jinsiy hayot kechiruvchi shaxslar orasida ko‘proq uchraydi. Chunki virus ayol va erkak shaxvoniy suyuqliklarida ko‘p miqdorda uchraydi.

2. Parenteral yo‘l- bu OIV infeksiyasining qon orqali yuqishidir. Kasallikning qon orqali yuqishida giyoxvand moddalarni ineksiya yo‘li bilan qabul qilishda, bemorlarni davolash jarayonida zararsizlantirilmagan asbob-anjom, shpris va ignalardan foydalanganda, OIV infeksiyasi bilan zararlangan qon quyilganda, soch-soqol, manikyur, pedikyur ishlari to‘liq zararsizlantirilmagan asboblardan foydalanganda yuqishi mumkin.

3. Vertikal yuqish yo‘li-virus bilan kasallangan ayoldan homiladorlik davrida yoki tug‘ruq jarayonida onadan bolaga o‘tadi.

Kasallik quyidagi hollarda yuqmaydi-jaroxatlanmagan teri orqali, bitta idishdan ovqat yeyilganda, qo‘l berib ko‘rishganda quchoqlashganda, havzalar va xojatxonadan foydalanganda, qon so‘ruvchi xashoratlar (chivin,bit,kana va boshqa) chaqqanda, havo orqali muloqat paytida.

         OIV infeksiyasi surunkali kasallik, uni butunlay davolash imkoni hali mavjud emas. Shuning uchun bemor umri davomida tibbiy yordamga muxtoj bo‘ladilar. Faqatgina virusga qarshi dori vositalari yordamida OIVni yuqtirgan odamlar umrini uzaytirish mumkun.

         Shu sababli kasallikning oldini olish choralarini ko‘rish zarurdir. Bu borada aholining barcha qatlami o‘rtasida, ayniqsa yoshlar orasida, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tartibsiz va ximoyalanmagan jinsiy aloqadan saqlanish, tibbiy muolaja olayotganda tibbiy anjomlarning zararsizlantirilganligiga ishonch hosil qilish, maishiy xizmatdan foydalanayotganda(soch va soqol oldirayotganda, manikyur, pedekyur, tatuaj) xizmatda foydalanilayotgan asboblarning gigienik tozaligiga e’tibor qaratish, OIV infeksiyasining yuqishining oldini olish chora-tadbirlarini hamda yosh avlodning ma’naviy barkamolligini yuksaltirishimiz kerak.

Text to speech